"Atletiko"ning sport direktori ishdan ketdi
Madridning “Atletiko” klubi sport direktori Andrea Berta jamoani tark etdi.
Italiyalik mutaxassis va Madrid klubi shartnomani bekor qilish borasida kelishuvga erishdi.
Berta "Atletiko"ga 2013 yilda "Jenoa"dan kelib qo‘shilgan edi. U dastlab xalqaro skautlar bo‘limiga ishga kirdi va keyinchalik klubning texnik direktori lavozimini egalladi.
2017 yilda u Xose Luis Peres Kaminero o‘rniga sport direktori bo‘ldi.
Andrea Berta davrida “Atletiko” Ispaniya kubogi (2013), ikki marta La Liga (2013-14 va 2020-21), Ispaniya Superkubogi (2014), UYEFA Yevropa Ligasi (2017-18) va UYEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan (2018) qo‘lga kiritdi.
"Biz Andreaga ushbu 11 yil davomida qilgan sa’y-harakatlari, fidoyiligi va sadoqati uchun minnatdorchilik bildirmoqchimiz va unga yangi professional bosqichida eng yaxshi tilaklarni tilaymiz", deyiladi klub bayonotida.