Pep "Siti"siga sig‘maganlar hozir qayerda?
2016 yilning yozida "Manchester Siti" boshqaruvini o‘z zimmasiga olgan Gvardiola ishni yozgi transfer darchasida tarkibni tubdan yangilash bilan boshladi.
Debyut mavsumida murabbiy birorta sovrinni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, ikkinchi mavsumda sovrinlar daryodek oqib kela boshladi. Lekin kimnidir xarid qilish uchun, kimdandir voz kechish kerak, to‘g‘rimi? Hikoyamiz Xosep "Siti"dan sotib yuborgan dastlabki 10 nafar futbolchi va ularning keyingi faoliyati xususida.
Villi Kabalyero
Yangi murabbiy rahbarligida 27ta o‘yinni Klaudio Bravo bilan asosiy darvozabon pos-tini talashib o‘tkazgan Kabalyero 2017 yilda erkin agent maqomida jamoani tark etgandi. Villi keyingi 6 yilni "Chelsi" va "Sautgempton" klublarida zaxira darvozabon maqomida o‘tkazdi va 2023 yilda qo‘lqoplarini mixga ildi. 41 yoshli argentinalik posbon hozir "Chelsi"da Enso Mareskaning murabbiylar shtabida faoliyat yuritmoqda.
Gael Klishi
Fransiyalik himoyachi 2016G‘17 yillar mavsumida Gvardiola jamoasida 39 marta maydonga tushgan va shartnoma muddati tugagach, klubdan ketgandi. Faoliyatini Turkiya va Shveysariya klublarida davom ettirgan Gael ham o‘tgan yil yozida futbolchilikni to‘xtatdi. Endi 39 yoshli himoyachi Fransiya yoshlar terma jamoasining bosh murabbiy yordamchisi lavozimida ishlamoqda.
Xesus Navas
38ga chiqqaniga qaramasdan, ispaniyalik futbolchi hamon "Sevilya"da yuksak saviyada to‘p surmoqda. Joriy mavsumda u La Liganing 15ta o‘yinidan 13tasida maydonga tushdi. Bundan tashqari, Xesus Yevro-2024 turnirida diskvalifikasiya qilingan Dani Karvaxal o‘rniga maydonga tushib, terma jamoaga yordam bergandi.
Bakari Sanya
Manchesterni tark etgan Sanya "Benevento" va "Monreal Impakt" jamoalaridagi bir necha yillik ishtirokdan keyin 2020 yil yanvarida faoliyatini yakunlagandi. Shundan keyin sobiq himoyachi biznes sohasida shug‘ullanishga qaror qildi va Fransiyaning ryukzaklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyada ish boshladi. Ma’lumotlarga binoan, Sanya yangi sohasi uchun 200 000 funt sterling sarmoya kiritgan. Firma ryukzaklarining bahosi esa taxminan 200 funt atrofida.
Pablo Sabaleta
2017 yilgacha Gvardiola bilan hamkorlik qilgan himoyachi shartnoma muddati tugagach, "Vest Xem"ga o‘tdi va 3 yil "bolg‘achilar" sharafini himoya qildi. Undan keyin Sabaleta ma’lum muddatni TV eks-perti maqomida o‘tkazgach, murabbiylik sohasiga o‘tishni afzal ko‘rdi. Argentinalik sobiq futbolchi hozir o‘zi bilan bir vaqtlar "Manchester Siti"da yonma-yon to‘p surgan Silvinyoning yordamchisi sifatida Albaniya terma jamoasida faoliyat yuritmoqda. Sobiq jamoadoshlar jamoasi yaqinda YEML turnirining muhim bellashuvida mag‘lubiyatga uchradi.
Bruno Sukulini
Faoliyatining salmoqli qismini "Manchester Siti" tarkibida o‘tkazgan argentinalik yarim himoyachiga Gvardiola davrida maydonga tushish nasib etmadi. 2017 yilning iyulida 1,2 mln. funtga "Verona"ga sotib yuborilgan futbolchi Italiyadagi qisqa ishtirokdan keyin vataniga qaytishga qaror qildi va "River Pleyt"da, keyin "Rasing" klubida to‘p surdi.
Nolito
Gvardiolaning tashrifidan keyin bu futbolchi bir yil vaqtini yangi ish joyini topishga sarfladi. Yakunda Ispaniyaning "Ibisa" klubi safida to‘p surib, o‘tgan yil sentyabrida butsalarini mixga ildi. Intervyularidan birida Nolito Xosepdan minnatdor ekanligini bayon etdi: "Gvardiola menga "Barselona"ning asosiy tarkibida debyutni nishonlash imkoniyatini bergandi. Shu muruvvatini Manchesterda ham takrorladi. Menga ishonch bildirgani uchun unga bog‘lanib qoldim. Bundan keyingi faoliyatida ustozimga faqat muvaffaqiyat tilayman".
Aleksandar Kolarov
2017 yilda "Roma" Kolarovga xaridor bo‘lganida, Gvardiola taklifni qabul qilgandi. Serbiyalik futbolchi faoliyatining oxirgi 5 yilini "Roma" va "Inter" klublarida o‘tkazdi va 2022 yilda faoliyatini yakunladi. Hikoyamizning ayrim qahramonlari kabi, Kolarov ham futboldan keyin murabbiylik kasbini tanladi. Noyabr oyida 39 yoshli mutaxassis Serbiyaning 21 yoshlilar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi.
Kelechi Ixeanacho
O‘z vaqtida "Siti"ning ishonchli rotasiya o‘yinchisi rolini bajargan nigeriyalik hujumchini Gvardiola 2017 yilda 25 mln. funt evaziga "Lester"ga berib yuborgandi. "Tulkilar" safidagi 7 yillik ishtirokida Kelechi 232 marta maydonga tushib, 61ta gol urdi va jamoaning APLga chiqishiga munosib hissa qo‘shdi. Shundan keyin futbolchi erkin agent maqomida "Sevilya"ga yo‘l oldi.
Fernando
Braziliyalik futbolchi kataloniyalik murabbiy rahbarligida atigi bir mavsum to‘p surgan bo‘lsada, butun faoliyatiga tatiydigan ijobiy xislatlarni o‘rgandi. O‘z intervyularidan birida Fernando jumladan, shunday degandi: "Bu murabbiy futbolchilarga faqat yaxshi maslahatlarni beradi, nafaqat o‘yinlar jarayonida, balki mashg‘ulotlarda ham diqqat,e’tibor bilan harakat qilishni talab qiladi. Uni qunt bilan tinglab, ko‘rsatmalariga rioya qilgan shogird mukammal futbolchi darajasiga ko‘tariladi".
Eng yorqin davrini Yevropada o‘tkazib, vataniga qaytib ketgan 37 yoshli futbolchi hozir "Internasyonal" klubi sharafini himoya qilmoqda.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi.