Kutilmagan to‘purarlar...
Joriy mavsumda top-ligalardagi to‘purarlar bahsida asosan taniqli snayperlar hukmronlik qilishmoqda.
Ispaniyada Robert Levandovski, Germaniyada Garri Keyn, Angliyada Erling Xoland yetakchi, uning ortida Muhammad Saloh bormoqda. Lekin ular orasida nogahoniy qahramonlar ham yo‘q emas.
APL
Kris Vud, «Nottingem Forest» (32 yosh, 8ta gol)
Yangi Zelandiya o‘g‘loni uchun top maqomidagi sermahsullik yangilik emas. Chempionshipda «Lids» tarkibidagi 27ta gol - o‘ta yengil yumush. APLda «Byornli» safidagi 4 mavsumda gollar sonini 10tadan pastga tushirmaslik - marhamat. O‘tgan mavsumda hujumchi «Forest»ga 14ta gol hadya etgandi. Endi bu shunchaki, chigilyozdi mashqi ekanligi ayon bo‘lmoqda. Joriy mavsumning 13ta o‘yinida Kris 9ta gol urdi! Mergan har bir goli uchun 112,6 daqiqa sarflamoqda. Taqqoslash uchun, Salohning o‘rtacha ko‘rsatkichi - 103,6 - farq unchalik katta emas.
Sanoqli kunlardan keyin Kris 33 yoshga to‘ladi. Biroq futboldagi faxriylik maqomi unga begona. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Vudning sermahsullik koeffisiyenti 6,17 xGga teng. Amalda to‘purar o‘z vazifasini a’lo darajada uddalab, «planka»ni 3,5ta golga ko‘tardi. Chinakam gol mashinasi! Taajjubki, 3 yil avval «Nyukasl» u uchun 30 mln. yevro sarflagan, «mashina» kutilgan natijani bermagandi.
Brayan Mbemo (25 yosh, 8ta gol) va Yoan Vissa, «Brentford» (28 yosh, 8ta gol)
Hujumdagi ajoyib duet nima? Mana u! «Brentford» Ayvan Tounini Saudiyaga sotib yuborgach, super to‘purar rolini shu ikki nafar futbolchi o‘z zimmasiga oldi. APLning oxirgi ikki mavsumida Mbemo 9tadan gol urgandi, undan avvalgi mavsumda esa Vissa 12ta golni rasmiylashtirgandi. Hozirga qadar Brayyan bitta gol uchun 145,87 daqiqa, Yoan esa yanada oz - 91,25 daqiqa sarflagan. Qo‘shimchasiga, Kongo DRdan kelgan hujumchi penaltilardan foydalangan emas. Bundan tashqari, Vissa jarohat tufayli bir oydan ko‘proq vaqt ichida maydonga tusha olmagan. Ana shu to‘xtalishlar bo‘lmaganida, u allaqachon Xolandning o‘rnida bo‘lardi.
BUNDESLIGA
Omar Marmush, «Ayntraxt» Frankfurt (25 yosh, 13ta gol)
Misrlik futbolchi nafaqat birorta o‘yinni golsiz tark etmaydigan mergan, balki hayratlanarli dispetcher ham: gollariga 7ta assistni qo‘shib qo‘ydi. O‘tgan yili Omar 12+6 ko‘rsatkichi bilan lol qoldirgandi. Endi dekabr boshida shunday natijaga erishdi. Bitta gol uchun 77,61 daqiqa - genial ko‘rsatkich.
Marmushning statistik darajasi yanada yuqori: 8,45 xG, 4,87 xGA. Aynan uning jamoasi «Bavariya»ning asosiy ta’qibchisiga aylanishi bejiz emas. Favorit masalasi deyarli hal bo‘lgan, Lekin Omarning jasorati intriganing dafn etilishiga imkon bermayapti: shunday snayper qarshisida myunxenliklarga bo‘shashish mumkin emas. Balki Marmushning qaysidir top-klubga qimmatbaho transferi guvohi bo‘larmiz. Har holda, frankfurtliklar futbolchilarni sotish ilmini puxta o‘zlashtirishgan.
«A» SERIYA
Mateo Retegi, «Atalanta» (25 yosh, 12ta gol)
Italiyadagi to‘purarlar poygasida kimni yetakchi maqomida ko‘rishni istaysiz? Lautaro Martinesni, Romelu Lukaku yoki Dushan Vlaxovichnimi? Biroq bu o‘rinda Mateo Retegi bormoqda. U «A» seriyasda hozircha 10ta gol marrasidan o‘tgan yagona futbolchi. Bo‘lmasamchi, axir har 74 daqiqada gol uradigan mergan uchun bu muammo emas. Mateo o‘z vatani bo‘lmish Argentinaning «Tigre» klubi tarkibidagi 61ta uchrashuvda 33ta gol urgandi. Lekin u yerdagi qarshilik darajasi o‘zgacha. Bunga Retegining «Jenoa»dagi natijasi tasdiqlaydi. Butun mavsum davomida atigi 7 marta raqiblari darvozasini zabt etgandi. Lekin Bergamoda yuksak saviyada to‘p surmoqda. Sheriklari argentinalik jamoadoshlari uchun yetarli xavfli vaziyatlarni yaratishmoqda, u esa imkoniyatdan samarali foydalanmoqda. 12ta gol 9,86 xG koeffisiyenti tufayli dunyoga keldi. Chinakam to‘purarga xos ko‘rsatkich. Ademol Luqmon - Mateo Retegi duetining sermahsulligi evaziga «Atalanta» chempionlik sari dadil intilmoqda, peshqadam «Napoli»dan uni atigi 1 ochko ajratib turibdi.
Moyze Kin, «Fiorentina» (24 yosh, 9ta gol)
«A» seriyasining avvalgi mavsumida birorta gol ura olmagan Kinni «Yuventus» mamnuniyat bilan Florensiyaga qo‘yib yuborgandi. Taajjubki, ana shu o‘zgarishdan keyin hujumchida golga qiziqish, uni his etish qobiliyati paydo bo‘ldi. Natijada Moyze to‘purarlar ro‘yxatida 2-o‘ringa chiqib oldi, «Fiorentina» esa peshqadamlar safidan o‘rin olgan holda, skudetto sari intilmoqda. 111,55 daqiqada bittadan gol urish - juda yaxshi ko‘rsatkich. Ayniqsa, avvalgi mavsumdagi 615 daqiqa ichida birorta gol ura olmagan hujumchi uchun. Yuqorida zikr etilgan qahramonlarimiz bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Kinning natijasi o‘ta ta’sirchan emas: 9ta golni rasmiylashtirish uchun u 10,28 xG koeffisiyentli kuch-quvvatini sarfladi. Endi aytingchi, o‘tgan mavsumni «quruq» o‘tkazgan Moyze gol urishni umuman unutib qo‘ymaganiga qaysi muxlis ishongandi? Ayniqsa, u «Yuventus» muxlisi bo‘lsa.
LIGA 1
Bredli Barkola, «PSJ» (22 yosh, 10ta gol)
«PSJ» vingeri - Liga 1ning eng yaxshi to‘purari. Mana bu yangilik! Buni siz achchiq kinoya bilan ta’kidlashingiz mumkin. Lekin, birinchidan, Kilian Mbappe allaqachon Madridga o‘tib ketdi. Ikkinchidan, asosiy yulduzidan judo bo‘lgan parijliklar transfer bozorini titib tashlashlari kutilgandi. Biroq amalda Luis Enrike jamoasi o‘tgan mavsumning 25ta o‘yinida atigi 4ta gol urgan futbolchi tufayli peshqadamlik qilmoqda. Unga juda oz ishonch bildirishgan, deyishga asos yo‘q - o‘shanda u darvozani 4 marta zabt etish uchun 1650 daqiqa to‘p surgandi. Endi 10ta gol urish uchun Barkolaga 8,49 xG koeffisiyenti yetarli bo‘ldi. Bredli bitta gol uchun o‘rtacha 80,5 daqiqa vaqt sarflagan. «PSJ» futbolchilari o‘zgacha toifadagi o‘yinchilar bo‘lishgani sababli, ularni aynan o‘z jamoadoshlariga qiyoslaymiz. O‘tgan mavsum Liga 1da Mbappe har 79,96 daqiqada gol urib, raqiblari darvozasini 27 marta ishg‘ol etgandi. Solishtirib bo‘ladigan raqamlar. Biroq farq shundaki, Bredli penaltilardan foydalanmagan, Kilian esa 6ta golini «nuqta»dan urgandi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi