Matteo Gabbiya: "Milan" libosini kiyish - mislsiz sharaf"
SportMediaset nashri «A» seriya o‘yinlari kichik tanaffusdan keyin qayta qo‘zg‘alishi arafasida «Milan» himoyachisi Matteo Gabbiyani mini-intervyuga ko‘ndirdi.
Suhbat davomida esa 25 yoshli futbolchining klubdagi kelajagi va «rossonerlar» ijrosidagi ayni o‘yinlar haqida so‘z bordi. Matteo shuning barobarida jamoa yetakchisi Rafael Leauning roliga alohida to‘xtaldi.
- Bugungi «Milan» himoya chizig‘ida raqobat ancha baland. Sizda asosiy tarkibdan tushib qolish havotiri yo‘qmi?
- Darhaqiqat, raqobat darajasi ancha oshdi va ozgina bo‘shashsangiz, tarkibdagi o‘rningizni yo‘qotishingiz hech gap emas. Ayniqsa, markaziy himoyachilar o‘rtasida o‘ziga xos raqobat bor. Muhimi, bu holat futbolchilarga o‘z holatini to‘g‘ri nazorat qilib borishda yordam bermoqda. Bizda do‘stona muhit shakllanganini ham aytishim joiz. Yigitlar menga hurmat bilan qarashadi, o‘z navbatida, ularni imkon qadar qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Albatta, mudom maydonga tushishni xohlayman. Shunday ekan, imkoniyat berilsa, jamoaga naf keltirish uchun bor mahoratimni ishga solaman. Ishonchim komil, joriy mavsum hamjihatlikda yuqori natijalarga erishamiz.
- «Milan» bu mavsum ayniqsa, top-klublarga qarshi katta ishtiyoq bilan o‘ynamoqda. Hozirgacha bunday uchrashuvlarda qayd etilgan ba’zi natijalar esa tasodifdek ko‘rinmoqda...
- Yo‘q, hech narsa tasodifan sodir bo‘lmaydi, ayniqsa, sportda. «Milan» - iqtidorli yigitlardan tashkil topgan kuchli jamoa. Endi nafaqat yetakchilar, balki har qanday raqib bilan o‘yinda konsentrasiyani maksimal darajaga olib chiqishimiz kerak. Ba’zi-ba’zida kuzatilayotgan oddiy xatolar jamoamizning asl saviyasiga mos emas. Hamma jamoa oldida katta maqsad borligini qalban his qilishi muhim. Oddiy aytganda, maydondan qandaydir afsus-nadomat bilan chiqmaslik uchun uchrashuvlarga 100 foiz e’tibor qaratish shart.
- Ayni holatda «Milan» skudetto uchun kurashda peshqadamlar guruhidan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Jamoaning hali chempionlik poygasiga qo‘shilishiga nechog‘li ishonyapsiz?
- To‘g‘ri, «A» seriyadagi natijalarimizdan mamnun emasmiz. Muhimi, barchasini to‘g‘rilash imkoniyati yo‘q emas. Albatta, mavsumni eng yuqori notada tugatishni istasak, bo‘lajak o‘yinlarda yanada jiddiylashishimiz, tashabbusni qo‘lga olishimiz, barchasiga kuch va sodiqlik bilan yondashishimiz talab etiladi. Jamoada tajribali futbolchilar yetarli, demak, eng yuqori marrani ko‘zlashimiz kerak. Oxir-oqibat, hammasi avvalo, o‘zimizga bog‘liq, baribir. Bugungi vazifa - har bir o‘yinda g‘alaba qozonish.
- Jamoa yetakchisi Rafael Leau haqida qanday fikrdasiz?
- Tushunarliki, har bir futbolchida ko‘tarilish barobarida pasayish davri ham bo‘ladi. Xayriyatki, Rafada murakkab holatlarga nisbatan ijobiy daqiqalari ancha ko‘p. Shaxsan men uning maydondagi xatti-harakatlaridan xursandman. Leau hamisha tabassum ulashadi, yaxshi ishlaydi, hattoki, himoyada ham yetarlicha kuch sarflaydi. Bordiyu, o‘yiniga nisbatan tanqidlar yangrasa, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Rafa - haqiqiy chempion!
- Umuman, «Milan»da o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Amaldagi shartnomangiz muddatini uzaytirish niyatingiz bormi?
- Agentim orqali klub bilan aloqadamiz, muzokara ketyapti. Rahbariyat bu libosda o‘ynash men uchun katta sharaf ekanligini yaxshi biladi. Hamma shartnomani uzaytirish masalasida shoshishimga hojat yo‘qligini tushunib turibdi. Shuning uchun xotirjamman. Shubhasiz, agar hamkorlikni davom ettirsak, bundan baxtiyorlikni tuyaman. Binobarin, «Milan»da o‘ynash - amalga oshgan orzularimdan biri. Qisqasi, hozir kelajak haqida o‘ylamayapman. Yaxshisi, «Milan»dagi har bir kundan boricha zavqlanishim kerak...
XURSHID tayyorladi