"Korintians" futbolchisi ayolni urib yubordi va voqea joyidan qochishga urindi
Braziliyalik ayol futbolchi ayolni urib yubordi va voqea joyidan qochishga harakat qildi.
CNN Brasil nashri xabariga ko‘ra, "Korintians" ayollar jamoasi hujumchisi Jaklin Ribeyro shanba kuni San-Pauludagi shifoxona yaqinida 40 yoshli hamshiraning jarohat olishiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Polisiya hisobotiga ko‘ra, futbolchining mashinasi boshqa mashina bilan to‘qnashib ketgan, keyin esa ayolga borib urilgan. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, uning sog‘lig‘i haqida ma’lumot yo‘q.
Videokuzatuv kameralarida Jaklin voqea joyidan qochishga urinayotgani, biroq guvohlar uni to‘xtatib qolishganini ko‘rish mumkin. "Mahalliy aholi uning mashinasini to‘sib qo‘yganidan keyin" u voqea joyidan 400 metr uzoqlikda to‘xtagan. Ribeyro polisiyaga qo‘rqqanidan darhol to‘xtamaganini aytdi. 24 yoshli futbolchi spirtli ichimlik testini topshirdi va u salbiy natija ko‘rsatdi.
Qiz bilan suhbat chog‘ida polisiya xodimlari ham mastlik alomatlarini sezmagan, biroq uning ko‘rinishi horg‘in va gapirishda qiynalayotganini qayd etgan. Spirtli ichimliklar ichganmi, degan savolga u salbiy javob berdi. Jaklin o‘zining "Korintians" futbol klubining professional sportchisi ekanligini va bir kun oldin jamoadoshlari bilan "Palmeyras" ustidan qozonilgan g‘alabani nishonlagani, lekin spirtli ichimlik iste’mol qilmaganini aytdi.
Futbolchi polisiya bo‘limida ko‘rsatma berdi, shundan so‘ng u qo‘yib yuborildi.