«Real» «Oltin to‘p» natijalarini «el-klasiko»dan oldin bilgan, ammo buni Vinisiusdan yashirgan
«Oltin to‘p-2024» marosimi bilan bog‘liq yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, marosimga «Real Madrid» delegasiyasi kelmadi. OAV xabariga ko‘ra, qirollik klubi "France Football" sovrini Vinisiusga emas, «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodriga topshirilishi haqida xabar topgach, shunday qarorga kelgan.
"Carrusel Canalla" nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, «Real» "Oltin to‘p" natijalarini 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan «Barselona» bilan o‘yindan oldin ham bilgan. Marosimning o‘zi 28 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, futbolchining atrofidagilar 25 oktyabr, juma kuni braziliyalik sovrinni olmasligidan shubhalanib, "Madrid" bilan bog‘lanishgan. «Real» rahbariyati ularga «el-klasiko»dan oldin futbolchini chalg‘itmaslik uchun natijalar haqida Vinisius Juniorga gapirmaslikni aytgan.