"Palmeyras" muxlislari "Kruzeyro" muxlislariga trassada hujum qilishdi
"Palmeyras" muxlislari pistirmada o‘tirib, "Kruzeyro" muxlislari avtobusiga o‘t qo‘yishdi.
"Kruzeyro" muxlislari o‘yindan so‘ng qaytishayotgan edi, Braziliya chempionatida ularning klublari ozchilikda qolgan "Atletiko Paranaense"ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “Palmeyras” esa “Fortaleza” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Yo‘l harakati polisiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, muxlislar o‘rtasidagi to‘qnashuv ertalab soat 5:20 larda katta yo‘lda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lda raqib muxlislari bo‘lgan kamida ikkita avtobus to‘qnashgan, bu esa tartibsizliklarga sabab bo‘lgan. Avtobuslardan biri yonib ketgan, ikkinchisining oynalari singan.
Hodisa oqibatida bir muxlis halok bo‘lgan, 17 nafari jarohatlangan. Barcha qurbonlar "Kruzeyro"ning muxlislar bazasining bir qismi edi. Erkakning o‘limi sabablari ma’lum qilinmagan, biroq u yonib ketgan avtobusda vafot etgani taxmin qilinmoqda.
San-Paulu polisiyasi "Palmeyras" muxlislari hujumi sabablarini o‘rganmoqda. Jinoyatchilarni aniqlash uchun ijtimoiy tarmoqlardagi videolar ham tahlil qilinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvda 150 ga yaqin muxlis ishtirok etgan.
Tergov gipotezalaridan biriga ko‘ra, “Palmeyras” muxlislarining pistirmasiga 2022 yil sentyabrida “Kruzeyro” muxlislari bilan mushtlashuv uchun qasos bo‘lishi mumkin edi. O‘shanda 4 kishi yaralangan, yana 10 kishi jarohatlangan.