Federiko Valverde: «Menga qolsa, «Oltin to‘p»ni Kroosga tutqazardim...»
«Real»ning hujumni yaxshi ko‘ruvchi yarim himoyachisi Federiko Valverde oktyabr oyidagi FIFA kunlari arafasida France Football nashrining intervyu haqidagi iltimosini rad etmay, jurnalistlarga ma’lum vaqt ajratdi.
Suhbat davomida esa futbolchi Urugvay milliy jamoasi va «Madrid» o‘yinlari haqida fikr yuritdi. U yana o‘zi bilan ishlagan murabbiylarga alohida to‘xtaldi.
Marselo Byelsa haqida
- Tushunarliki, Byelsa qo‘l ostida tinmay ter to‘kish, ko‘p shug‘ullanish talab etiladi. U har bir mashg‘ulotda futbolchilarni ham jismonan, ham ruhan charchatadi. Muhimi, buning natijasi o‘yinlar yakunida ko‘rinadi. Mashg‘ulotlarda doimiy bosim ostida ishlash, intensiv harakatlanish katta kuch olishi tayin, o‘yinlar payti esa bunday og‘ir mehnat bekor ketmaganini tushunasiz. Shuning-dek, Byelsaning har bir ko‘rsatmasiga e’tibor qaratishingiz shart, aks holda...
Zayniddin Zidan va Karlo Anchelotti haqida
- Har ikkisi futbolga deyarli bir xil qaraydi. Deylik, Zidan ham, Anchelotti ham futbolchilar bilan ko‘p muloqotga kirishadi. Ya’ni ular avvalo, o‘z rejalarini obdon tushuntirishadi. Lekin har ikkisi o‘ta talabchan. Buni Zidan yoki Anchelotti bilan ishlab ko‘rgan har bir futbolchi tasdiqlashi mumkin. Ular shuningdek, kiyinish xonasida doimiy sog‘lom muhit hukm surishiga qattiq e’tibor qaratishadi.
Himoya va hujumda ishlash haqida
- Himoyaga qarashish majburiyatidan xoli futbolchilar ham bor. Shaxsan men hujumchilarimizning himoyalanish uchun ortga qaytmasliklaridan ortiqcha tashvishlanmayman. Chunki ularning asosiy vazifalari - raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirish. Ha, hujumchilar vaqti-vaqti bilan himoyaviy harakatlarga yordam berishadi, lekin ulardan doimiy ravishda ortga qaytishni talab qilish noto‘g‘ri. Xuddi himoyachilardan 90 daqiqa davomida hujumga qo‘shilishlarini kutolmasligingiz kabi...
Kroos, Modrich va Kazemiro haqida
- Aynan shu uchlik yonida o‘ynab, yetuk futbolchiga aylandim. Agar menga qo‘yib berishganida, bu yil «Oltin to‘p»ni Kroos qo‘liga tutqazardim - u nafaqat texnik va taktik mahorati, balki insoniy fazilatlari bilan ham hurmatga loyiq.
Yoshlar haqida
- Hali ancha yosh bo‘lsamda, hozir «Madrid» faxriylaridan biriman. Shunday ekan, Endrik va Arda Gyuler kabi yigitlarga qaysidir masalada maslahat berishim yoki yordam taklif etishim mumkin. Zero, vaqtida faxriylar menga ham ko‘p narsalarni o‘rgatishgan, endi barchasini yoshlarga yetkazishim kerak.
Joriy mavsum haqida
- «Real» - dunyodagi eng yaxshi jamoa. G‘alabalarga chanqoqlikni saqlab qolish va maydonga qanday kayfiyatda tushishni nazorat ostiga olsak, bas. Chunki ba’zida o‘yin boshida o‘zimizni juda bo‘sh qo‘yib yuboryapmiz. Agar shu kamchilikni yo‘qotsak, raqiblarimizga yanada qiyin bo‘ladi.
«Oltin to‘p» haqida
- Agar nomzodlarning kuchli 15taligiga kirsam, bag‘oyat xursand bo‘laman, lekin yanada ko‘proq ishlash uchun doim sabab topiladi. Deylik, kelasi yili kuchli o‘ntalikka kirishga intilasiz. Faqat shunday yondashuv bilan o‘sishda davom etishingiz mumkin.
M.PO‘LATOV tayyorladi