Merganlar uchun muayyan «o‘lja»
«Liverpul» yetakchisi Muhammad Saloh - «MYU» bo‘yicha katta mutaxassis.
«Real»da yangi darajaga ko‘tarilgan Vinisius Junior esa «Barselona»ga yengil «o‘lja» sifatida qaraydi. Umuman, zamonamizning barcha eng sara to‘purarlarida o‘ziga xos yoqimtoy raqiblari bor. Soccer.ru saytining quyidagi maqolasi shu haqda.
Muhammad SALOH - «MYU»ga qarshi 16ta o‘yinda 15ta gol va 6ta assist. 32 yoshni urib qo‘ygan misrlik goleador «Liverpul»ning ashaddiy raqibiga qarshi bahslarda hayratomuz statistika qayd etgan. «Qizillar» va «qizil iblislar» o‘rtasida chinakam tarixiy raqobat mavjud. Salohga kelsak, u oxirgi o‘zaro o‘yinda avvaliga Luis Fernando Diasni 2 marta samarali uzatma bilan ta’minladi, keyin o‘zi ham yoqimtoy raqibi darvozasini nishonga oldi. U hatto fursatdan foydalanib, muxlislarga Maykl Edvards ustidan shikoyat qilishga ham ulgurdi. Gap shundaki, «Liverpul» bosh direktori misrlik vingerga yangi shartnoma taklif etishga oshiqmayapti. Agar vaziyat o‘zgarmay qolsa, Arne Slot «MYU» ustidan qozonilgan yorqin g‘alabalar ijodkori sanalgan yetakchi futbolchidan ayriladi.
Kilian MBAPPE - «Monpelye»ga qarshi 15ta o‘yinda 15ta gol va 9ta assist. Fransiyalik hujumchi hali xuddi Lionel Messi kabi La Ligada ham o‘ziga suyukli «o‘lja» topadi, albatta. Argentinalik yulduz Ispaniyada «Sevilya» darvozasini zabt etishni xush ko‘rardi. Har holda, u Andalusiya klubiga qarshi 43ta o‘yinda ishtirok etib, «Barselona»ning 58ta golida ishtirok etgan o‘z zarbalari yoki uzatmalari bilan. Mbappega qaytsak, u hozircha Ispaniyada «Betis»ni «dubl» bilan «siyladi». Fransiyada esa Kilian bechora «Monpelye»ni jami 15ta gol va 9ta assist vositasida yengilgina «tahqirlagan».
Erling XOLAND - «RB Leyp-sig»ga qarshi 8ta o‘yinda 12ta gol. Norvegiyalik iqtidor ancha yosh ekanligini inobatga olsak, uning hali muayyan bir raqibga qarshi 10-15ta o‘yinda ishtirok etmagani o‘z-o‘zidan tushunarli. Oddiy aytganda, Erling hozircha o‘ziga suyukli «o‘lja» topishga ulgurgani yo‘q. Lekin bu maqomga nomzodlar yetarli. «Manchester Siti» hujumchisi jumladan, Germaniyada «RB Leypsig»ga qarshi o‘yinlarni yoqtirardi. Mana, CHLda ham shu yoqimtoy raqibini topib oldi. APLda esa hozircha «Vulverxempton»ni ranjitishga moyilroqdek ko‘rinmoqda. Raqamlarda aytsak, norvegiyalik «yirtqich» atigi 4ta o‘yinda «bo‘rilar» darvozasi to‘rini naq 8 marta silkitdi. To‘g‘ri, assistlarni ham hisoblasak, «MYU»ga qarshi o‘yinlarda ko‘proq effekt keltirdi - 6ta gol va 3ta samarali uzatma (7ta uchrashuvda). Lekin «Vulvz» yaqin kelajakda Xoland «o‘lja»lari orasida «RB Leypsig»ni 1-o‘rindan surib yuborsa, ajabmas.
Garri KEYN - «Lester»ga qarshi 20ta o‘yinda 20ta gol va 5ta assist. Bundesligadagi ilk mavsumida «Bavariya» uchun 36ta gol urish evaziga «Oltin butsa» sovriniga ega chiqqan angliyalik to‘purar yaqinda yangi maqomga erishdi. Ya’ni Germaniya elit divizionida o‘ziga duch kelgan 17ta jamoaning har biriga gol «tortiq» etishga ulgurdi. Ha, shafqatsiz «gol mashinasi». Keyn bunga qadar o‘z yurtida suyukli «o‘lja» roliga «Lester»ni tanlagandi. Qizig‘i, Garri vaqtida aynan «tulkilar» safida ijara muddatini o‘tagan. Agar Keyn «Liverpul» yoki «Manchester Siti»da o‘ynaganida, nomdorroq raqibni «kalaka» ostiga olardi balki. Mana, «Tottenxem» to‘purari Germaniyaga yo‘l oldi va APLga qaytgan «Lester» asosiy «jallod»dan qutuldi. O‘z o‘rnida Keynning «Shimoliy London derbisi»da azaliy raqib - «Arsenal»ga qarshi 21ta o‘yinda 15ta gol va 2ta assist rasmiylashtirganini ham qo‘shimcha qilish joiz.
Antuan GRIZMANN - «Atletik»ka qarshi 34ta o‘yinda 14ta gol va 6ta assist. «Atletiko» afsonasi Bilbao sharafini himoya qiluvchi nomdosh jamoani alohida qadrlaydi. To‘g‘ri, fransiyalik goleador Ispaniyada «Selta», «Xetafe» va «Valensiya» kabi raqiblarni ham xush ko‘radi, «Real»dan esa cho‘chimaydi. Biroq bu jamoalarga qarshi o‘yinlarga bog‘liq mahsuldorligi nisbatan pastroq. Grizmann faqat bir narsadan o‘ksinishi mumkin - Ispaniyada «Atletiko»dan tashqari, «Real Sosyedad» va «Barselona»da ham to‘p surgan bo‘lsada, unga La Ligada chempionlik tantanasi nasib etganicha yo‘q.
Robert LEVANDOVSKI - «Borussiya» (Dortmund)ga qarshi 26ta o‘yinda 27ta gol va 3ta assist. Aytishlaricha, polshalik to‘purar ancha kekchi ekan. Shuni inobatga olsak, uning Germaniyada aynan sobiq klubiga qarshi bahslarda bor kuch-mahoratini ishga solganida ajablanadigan tomoni yo‘q. Darhaqiqat, «Bavariya»ga erkin agent maqomida yo‘l olgan Levagol vaqtida Dortmund drujinasi dodini bergan rosa. Robert shuningdek, «Volfsburg»ni ranjitishni ham o‘rniga qo‘ygan - 26ta o‘yinda 26ta gol va 9ta assist. Ha, «Gol+pas» ballarini hisobga olsak, polshalikdan «bo‘rilar» ko‘proq zarar ko‘rishgan. Biroq Dortmund «Borussiya»si Robertning gollari tufayli shohsupaga ko‘tarilish imkoniyatini yo‘qotganini nazarda tutsak, xulosa o‘zgaradi.
Lautaro MARTINES - «Salernitana»ga qarshi 6ta o‘yinda 10ta gol. Argentinalik futbolchining maydondagi funksiyasi Xoland va Keynnikidan keskin farqlanadi. Harqalay, Lautaro «Inter»da ko‘proq orqaroqda to‘p suradi. Lekin o‘ziga yarasha xudbin futbolchi «A» seriyada suyukli «o‘lja»ni osongina topib oldi. Deylik, «Salernitana»ga qarshi atigi 6 marta maydonga tushgan Martines o‘z hisobiga «xet-trik» va «poker» yozdirib qo‘yishga ulgurdi. «A» seriya grandlariga qarasak, Lautaro «Milan» bilan bellashishni xush ko‘radi - derbi maqomidagi 16ta bahsda 8ta gol va 3ta assist.
Vinisius JUNIOR - «Barselona»ga qarshi 17ta o‘yinda 7ta gol va 4ta assist. «Real»ning qanot hujumchisi hozir Karim Benzema rolida ekanligini tushunib olishi lozim. Mbappe va Juniorga bir vaqtning o‘zida Ronaldudek xudbin bo‘lish yarashmaydi. Kimdir sherigiga yon berishi kerak. Mana, Junior yaqinda penalti tepish huquqini Mbappega berdi. «Oltin to‘p» uchun kurashda favorit bo‘lib turgan futbolchi «Barsa»ni «7+4» ko‘rinishida jazolashdan tashqari, «Valensiya»ga qarshi bahslarda 8ta gol va 1ta assist qayd etgan.
S.RAHMONOV tayyorladi