Futbol olamining aqlga sig‘mas ajib natijalari
Lionel Messi yoki Krishtianu Ronaldu haqida so‘z ochilgani bilan ko‘pchilik xayoliga qandaydir rekordga bog‘liq faktlar kelishi oddiy holga aylanib ulgurgani rost. Ikki «o‘zga sayyoralik»ning familiyasi rekord iborasi bilan ma’nodoshdek, go‘yo. Ammo tushunarliki, futbol olami rekordlari faqat Messi va Ronalduga tegishli emas. Tarix sahifalariga shunday natijalar ham yozilganki, ularga hattoki birdan ishonish qiyin. Xullas, quyida aynan aqlga sig‘mas natijalar porsiyasi havola etilmoqda e’tiboringizga...
1. Neymar La Ligada Messidan oldin oy laureati bo‘lgan
Bu fakt Leo Messining personal muxlislarini hayratga solishi tayin. Lekin haqiqat shuki, argentinalik dahocha 2016 yilning yanvariga qadar Ispaniya chempionatida oyning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovringa ega chiqmagan. To‘g‘ri, La Ligada oy laureatini aniqlash 2013 yilning sentyabridagina yo‘lga qo‘yilganini eslatish kerak. Keyingi deyarli 2,5 yil davomida naq 17 nafar futbolchi oy laureati bo‘lgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ular orasida Neymar bor, ammo Messi yo‘q. Ispanlar faqat 2016 yilning boshiga kelib, Leoni ilk marta oy futbolchisi sifatida e’tirof etishgan.
2. «Dandi Yunayted» klubi «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda 100 foizlik ko‘rsatkichga ega
Shotlandiyaning kamtarin klubi o‘z tarixida Kataloniya grandi bilan 4 marta to‘qnash kelgan va 4ta o‘yinda ham g‘alaba qozongan! «Dandi Yunayted» bunday natijaga ega Buyuk Britaniyaning yagona klubi sanaladi. Aniqroq aytsak, mavsum-1966|1967da «Barsa»ni 2 marta dog‘da qoldirgan «Dandi» oradan 20 yil o‘tib (mavsum-1986|1987) bu ishni yana bir bora takrorlagandi.
3. Filipp Lam 1 yil davomida biror marta qo‘pollik ishlatmagan
Ajabo, himoyachi shuncha uzoq vaqt toza o‘ynashi mumkinmi? Ha. Har holda, Germaniya futboli afsonasi Filipp Lam vaziyatni oldindan to‘g‘ri baholash qobiliyati evaziga 2014 yil sentyabr - 2015 yil oktyabr oralig‘ida Bundesliga bahslarida raqiblariga nisbatan loaqal bir marta qo‘pol harakatlanmagan. Binobarin, u qachon qayerda turishni va raqibga qanday peshvoz chiqishni yaxshi o‘zlashtirgan edi. Yana shuni qo‘shimcha ma’lumot o‘rnida keltirish kerakki, Germaniya milliy jamoasi sobiq sardori butun faoliyati davomida biror marta qizil kartochka olmagan.
4. Mark Xyuz 1 kunda ikki mamlakatdagi o‘yinlarda maydonga tushgan
Bugungi yoshlar Uels faxrining futbolchilik faoliyatidan bexabarlar, albatta. Vaholanki, u ancha muvaffaqiyatli to‘p surgan. Hozirda ko‘pchilik Xyuzni asosan murabbiy sifatida taniydi. Xullas, uelslik yulduz 1987 yili 1 kunda ikki o‘yinda ishtirok etgan, yana turli mamlakatlarda. Demak, avvaliga kunning tush payti Uels milliy jamoasi safida Chexoslovakiya termasiga qarshi bahsda maydonga tushgan Xyuz o‘yin tugashi hamono samolyotda Germaniyaga qaytib, «Bavariya» libosida ham harakatlanishga ulgurgan.
5. Kris Nikoll 2:2 hisobida yakunlangan o‘yinda 4ta gol urgan
1976 yili «Aston Villa» va «Lester» o‘rtasida kechgan o‘yin 2:2 hisobida xotima topadi. Eng hayratlanarli tomoni, bu natija muayyan futbolchi gollari evaziga yuzaga kelgandi. Qisqacha tafsilot: Kris Nikoll avvaliga 2ta avtogol bilan «Lester»ni hisobda oldinga olib chiqadi, keyin «dubl» qayd etish asnosida o‘z xatolarini to‘g‘rilab, «Aston Villa»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoladi.
6. Darvozabon Rojerio Seni jami 131ta gol urgan
Bunday mahsuldorlik ayrim hujumchilarga ham orzu bo‘lishi mumkin. Braziliyalik darvozabon Rojerio Seni esa 100ta gol marrasidan osongina oshgan. U vaqtida «San-Paulu» mashg‘ulotlarida penalti va jarima zarbalari tepish ustida alohida shug‘ullangan ekan. Senining eng yaxshi mavsumi 2005 yilga to‘g‘ri kelganini qo‘shimcha qilish joiz. Darvozabon o‘shanda naq 21ta gol muallifiga aylangan edi.
7. Timo Verner CHLda Ronaldodan ko‘proq gol urgan
Barcha zamonlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri Luis Nazario Ronaldo yoxud «so‘yloq» CHL turnirida atigi 14ta gol urgan. «Chelsi»da yaxshi vaziyatlarni ko‘kka sovurish bilan band bo‘lgan germaniyalik Timo Verner hisobida esa asosiy yevroturnirda urilgan 17ta gol bor. Shuningdek, Ronaldo faoliyatini CHL bosh sovrinisiz yakunlagan bo‘lsa, Verner «Chelsi» bilan «shalpangquloq» kubok sohibiga aylangan.
8. Joze Mourinyo 9 yil davomida uy o‘yinlarida mag‘lubiyatni tan olmagan
Portugaliyalik mutaxassisning faoliyat yo‘li yorqin sahifalarga to‘la. Misol uchun, «Benazir» boshqargan klublar 2002-2011 yillar oralig‘ida milliy ligalar doirasidagi ketma-ket 150ta uy o‘yinida mag‘lubiyatga uchramagan. Mourinyo bu davrda 4ta chempionatda 4ta klubni boshqarganini alohida ta’kidlash kerak - «Portu», «Chelsi», «Inter» va «Real».
9. Ronaldu 30 yoshidan keyin gol urishda Runining butun faoliyatidagi natijasidan o‘zib ketdi
Krishtianu Ronaldu 30 yoshga to‘lganidan keyin ham gol urish sur’atini pasaytirgani yo‘q. U bu oraliqda allaqachon 400ta gol dovonidan oshdi ham. Bu esa Ueyn Runining butun futbolchilik faoliyatida yiqqan gollari sonidan ko‘proqdir. Portugaliyalik yulduz hamon gol urishdan to‘xtamayotganini ham aytish joiz.
10. «Milan» bir mavsumda 36ta gol bilan «A» seriya chempioni bo‘lgan
«Milan» tarixdagi eng yorqin jamoalardan biri sifatida tilga olinadi. Ammo «rossonerlar» har doim ham hujumkor o‘yin ko‘rsatishmagan. Masalan, 1993|1994 yillar mavsumini olsak, «Milan» atigi 36ta gol urgan. Shunga qaramay, jamoa o‘ta kuchli himoyasi evaziga yakunda skudetto sohibiga aylangan. Ya’ni «San Siro» egasi o‘sha mavsum «A» seriyada atigi 15ta gol qo‘yib yuborgan edi.
A.AHMEDOV tayyorladi