Tuxel o‘zigacha ishlab kelgan qonuniyatni buzib tashlashga harakat qiladi
Tomas Tuxel Angliya milliy jamoasiga rasman tayinlanib, jamoa libosidagi yulduzlar sonini ikkitaga aylantirish, ya’ni 2026 yilda jahon chempioni bo‘lish niyati haqida aytgach, internetda qiziq statistika chiqdi – shu paytgacha hech qaysi xorijlik murabbiy jamoasini jahon chempioni qila olmagan ekan.
Ya’ni mundialda g‘alaba qozongan 22 jamoaning murabbiyi o‘sha davlat fuqarosi bo‘lgan. Agar Yevropa chempionati statistikasini qo‘shsak ham o‘zgarish kam – faqat bir marta, germaniyalik Otto Rekxagel Gresiyani chempion qilgan, tamom.
Boshida qo‘rqib ketdim, nahotki Srechko Katanes bizni chempion qila olmasa? Ammo agar bu faktlarga chuqurroq qaraganimizda mutlaqo boshqa kartina chiqib keladi.
O‘zi umuman dunyodagi favorit terma jamoalarni chet ellik murabbiy boshqarmagan ekan. Boshqarmagandan keyin, qanday qilib chempion qiladi, to‘g‘rimi?
Jahon va Yevropa chempionatlari favoritlari bo‘lgan, o‘sha turnirda g‘olib chiqib uchun potensialga ega bo‘lgan barcha terma jamoalar tarixini qarab chiqdim. 1954 yilda vengriyalik Layosh Seyzler Italiyani, 1934 yilda italiyalik Filipe Paskuchchi Argentinani, 1962 yilda argentinalik Elano Errera Ispaniyani, shuningdek italiyalik Kapello va shvesiyalik Erikssonlar Angliya terma jamoasini muvaffaqiyatsiz boshqarishgan. Shu xolos. Qariyb yuz yillik tarixdagi 39 yirik musobaqadagi jami yuzdan ortiq favoritlar ichida chet ellik murabbiylarda faqat 5 marta imkoniyat bo‘lgan atigi.
Demak buni, chet ellik murabbiylar muvaffaqiyatsiz bo‘lishini qandaydir qonuniyat sifatida ilgari surish noto‘g‘ri. Tuxelga omad tilaymiz.
Darvoqe, yana bir qiziq ma’lumotga ko‘zim tushdi – butun tarixi davomida Germaniya terma jamoasida atigi 12 nafar murabbiy ishlagan ekan xolos.