"Arsenal" Italiyada to‘purarlik qobiliyatini namoyish etayotgan forvardni sotib olishi mumkin
"Arsenal" 2025 yilning qishida yangi markaziy hujumchi bilan shartnoma imzolamoqchi, deb xabar beradi «talkSPORT».
Avvalroq Mikel Arteta shogirdlari "Nyukasl"dan shvesiyalik Aleksandr Isak yoki "Sporting"dan Viktor Dyokereshni qo‘lga kiritishni istashayotgani haqida xabarlar chiqqandi, ammo ularning hech biri "Arsenal"ga o‘tishni istamayapti. 25 yoshli Isak "Barselona"ga o‘tishni o‘ylamoqda, 26 yoshli Dyokeresh esa o‘zining eski murabbiyi Ruben Amorim bilan "Manchester Yunayted"da qaytadan uchrashmoqchi.
Shu tariqa, "kanonirlar" e’tiborini "Atalanta" hujumchisi Mateo Retegiga qaratdi. Qolaversa, londonliklar skautlari 25 yoshli italiyalikni Chempionlar ligasi doirasidagi "Yang Boyz"ga qarshi o‘yinda Mateo dubl qayd etganida allaqachon tomosha qilgan edi.
Retegi 2024 yil avgust oyidan beri bergamoliklar safida to‘p tepmoqda, o‘shanda u "Jenoa"dan 22 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan. Bungacha u faqat Argentina klublarida o‘ynagan. Joriy mavsumda Mateo klub va Italiya terma jamoasi safida 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.