Jinoyat jazosiz qolmaydi, ayniqsa Angliyada...
Rodrigo Bentankurning hazili irqchilikka oid edi, APLdagilar bunday qiliqlarni yoqtirmaydilar.
Ularga erk bersang, bir-birlarini haqorat qilishdan to‘xtamaydilar. Angliyada to‘p surgan davrida Bentankur nima mumkin va nima taqiqlanganligidan yaxshi xabardor edi. Bir kuni urugvaylik muxlis "taqachilar" xavbekidan Son Xyun Minning futbolkasidan topib berishni iltimos qilgandi. Bentankur esa koreyslar tashqi ko‘rinishdan o‘xshash ekanliklarini xayolidan o‘tkazib, futbolka uning amakivachchasiniki bo‘lishi mumkinligini aytdi va noo‘rin hazili uchun jazosini oldi.
Vaholanki, Rodrigo bir paytlar Suares Patris Evrani haqorat qilgani uchun bir necha o‘yinda maydonga tusha olmaganini unutmagandi. O‘sha nojo‘ya harakat ancha jiddiy edi. Keyingi uchrashuvda ham Suares Evra bilan qo‘l berib salomlashmagani uchun "Liverpul" va Luis uzr so‘rashgandi. Lekin bu Luis faoliyatidagi yagona diskvalifikasiya emas.
Luis Suares - Ivanovichni tishlagani uchun 10ta o‘yindan chetlatish
Urugvaylik hujumchini intizomli o‘yinchi deyish qiyin. U qanchadan-qancha raqiblarini butsasining tishlari bilan shikastlagan va haqorat qilgandi. Tishlab olish odati esa "Ayaks"dagi davrida paydo bo‘lgandi. Luis "Barselona"ga o‘tgan paytida, Kataloniya klubi uning tishlong‘ichlik odatini shartnomada maxsus punkt bilan taqiqlagandi. Bungacha hujumchi tishlarining o‘tkirligini "Lokomotiv"ning sobiq himoyachisi Branislav Ivanovichda sinab ko‘rgandi. Angliyaliklar Luisning qonxo‘rligini kechirishmadi. "Chelsi"ga qarshi uchrashuvdan keyin hujumchi hech qachon hech kimni tishlamaganligiga ont ichib, jamoa-doshlari va murabbiylarga yolg‘on gapirgandi. Nima, bu lavhani kameralar tasvirga olmagan, deb o‘yladimi? Yakunda u 10ta uchrashuvga chetlatildi. Keyinchalik Suares JCH-2014 turnirida Kyellinini tishlab olgani uchun ashaddiy jinoyatchi sifatida tegishli jazosini oldi.
Paolo Di Kanio - hakamni turtgani uchun 11ta o‘yindan chetlatish
Italiyalik taniqli bezorini oqil inson deb bo‘lmaydi. U radikal nuqtai-nazar sohibi. Bir paytlar Paolo o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, nasistlarga xos salyut bergandi. Biroq 1998 yildagi diskvalifikasiyani "Sheffild Uensdey" tarkibida to‘p surgan davrida, bosh hakam ko‘ksiga zarba bergani uchun olgandi. "Arsenal"ga qarshi o‘sha o‘yinda bosh hakam Pol Elkok hujumchini qizil kartochka bilan jazolagach, darg‘azab futbolchining zarbasidan keyin maydonga yiqilgandi. Darvoqe, badjahl Di Kanio keyinchalik FIFA tomonidan halol o‘yin mukofoti bilan taqdirlandi. O‘shanda u raqib darvozaboni jarohat olganini ko‘rgach, o‘yinni to‘xtatgandi. Haqiqiy insonga xos oliyjanob harakat!
Vinni Jons - qo‘llanma tufayli 6 oyga chetlatish
Avvalo, turli xastaliklardan forig‘ bo‘la olmayotgan mister Jonsga salomatlik tilaymiz. 90-yillarda Vinni navqiron futbol jinnisi edi. Uning faoliyatida maydonga tushganidan keyin 3 soniya ichida qo‘polligi uchun sariq kartochka olgan o‘yini ham bor. Lekin eng uzoq muddatga maydondan chetlatish va 20000 funt jarimani o‘yin qoidasini buzgani uchun olgan emas. 1992 yilda xorijiy kino ekranlarda "Futboldagi qo‘pol yigitlar" filmi namoyish etilgandi. Unda o‘yinchilar tajriba almashishgan. Aslida, bu futbolchilar uchun yaratilgan qo‘llanma bo‘lib, unda raqiblariga qarshi qo‘pollik usullari namoyish etilgandi. Inglizlar Jonsning o‘yin uslubi halol o‘yinga zid ekanligini haqli ravishda e’tirof etishdi. Filmni tomosha qilgan bolakaylar maktabda Vinnining "yo‘riqnomasi"ni sinfdoshlarida sinab ko‘rishga kirishgandilar.
Mark Bosnich (9 oy), Adrian Mutu (7 oy) - giyohvand moddalar tufayli chetlatish
Hozir APL mutasaddilari giyohvandlikka ruju qo‘yganlarni adliya mahkamalaridan yashirishga intiladilar. Masalan, sarxushlik beradigan gazni hidlashga odatlangan futbolchilarni jazolashmaydi. Lekin "Chelsi"ning avstraliyalik darvozaboni Mark Bosnich va undan sal keyinroq hujumchi Adrian Mutu kuchliroq giyohvand moddaga qarshi tekshiruvdan o‘ta olmadilar. Bosnichni 9 oyga, Mutuni esa 7 oyga maydondan chetlatishdi.
Erik Kantona - fanatga zarba bergani uchun 9 oyga chetlatish
Futbol tarixidagi eng mashhur voqealardan biri. Kantona o‘zini ushlab turishni bilmasdi. "Kristal Pelas"ga qarshi bellashuvda uni maydondan chetlatishgandi. Erik maydonni tark etayotgan paytda, "burgutlar" muxlisi Mettyu Simons uning jig‘iga tegdi. Qirol Erik oyog‘i bilan muxlisning ko‘kragiga tepdi. Kung-fudagi mashhur usulni Ibragimovich takrorlashi mumkin edi. Biroq hatto Zlatan ham bunday zarbani amalda qo‘llagan emas. Keyinchalik Kantona matbuot anjumanida o‘zining qanday inson ekanligini musavvirga xos uslubda bayon etdi: "Chaykalar kema ortidan uchib kelganlarida, sardina (mayda) baliqchalar dengizga uloqtirib yuborilishini yaxshi biladilar". Sha’maning ma’nosi quyidagicha: "Diskvalifikasiyalar o‘tkinchi hodisa, fitnachilarni hech kim esga olmaydi, Erik esa doimo o‘yin tarixida".
Joui Barton - 1200ta ganak uchun 18 oyga chetlatish
Bu futbolchida ham bema’ni qiliqlar yetarli. KPRda to‘p surgan davrida xavbek Suares va Kompani bilan mushtlashgani uchun 12ta o‘yindan mahrum bo‘lgandi. Lekin bu Bartonning rekordi emas. U futbolga 1200ta qonunga zid ganak tikkani uchun 18 oyga maydondan chetlatilgandi. Endi esa APL unga o‘xshagan futbolchilar bosimi ostida taslim bo‘ldi. Tonalining "Nyukasl"da ganak tikkani e’tiborsiz qoldi, faqat "Milan"dagi qiliqlari uchun jazolandi. Paketa firibgarligi uchun futboldan bir umrga chetlatilish xavfi ostida, biroq "Vest Xem" bu ishni cho‘zib yubordi. Ganaklar tufayli 8 oyga "majburiy ta’til"ga hukm qilingan Touni endi Saudiyada "Al-Ahli" sharafini himoya qilmoqda. U yerda hujumchini nazorat qiladigan kimsaning o‘zi yo‘q.
Enox Jeyms Uest - 30 yilga chetlatish
Bunday futbolchi nomini eshitmaganmiz, deya hayron bo‘lmang. Enox XX-asr boshlarida "Nottingem Forest" va "MYU"ning hujumchisi sifatida sermahsul o‘yin ko‘rsatgan, 1911 yilda Angliya chempioni bo‘lgandi. Biroq oradan 4 yil o‘tgach, uni 30 yilga futboldan chetlatishdi. Bunga futbolchining kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi sabab bo‘lgandi. Uestdan tashqari, "MYU"ning yana 3 va "Liverpul"ning 4 nafar futbolchilari jazolanishdi. Ha, futbolda ham tarixiy g‘animlar o‘zaro til biriktirib, tekin daromadga intilgan davrlar ham bo‘ldi. Uest norozilik bildirdi. Unga diskvalifikasiyadan forig‘ bo‘lib, frontga yo‘l olishni taklif etishdi. Enox taklifni rad etdi, 1965 yilgacha hayot kechirdi. Lekin rekordi hamon "tirik".
Sodiq SOBIR tayyorladi.