JCH-2030 finalidan umidvorlik
Marokashda yer yuzidagi eng ulkan stadion qad ko‘taradi.
Afrikalik arablar ushbu ulkan loyiha vositasida JCH-2030 final o‘yinini Ispaniyadan tortib olishdan umidvorlar. Kasablanka shahrida quriladigan yangi megastadionning nomi ham tayin - «Hasan II».
O‘ta dabdabali loyiha
Loyiha rejasiga muvofiq, «Hasan II» stadioni 115 ming tomoshabinni o‘z ichiga oladi. Ma’lumot uchun, hozirda Pxenyan (KXDR)da joylashgan «Birinchi may» stadioni sig‘imi bo‘yicha jahondagi eng kattasi hisoblanadi - 114 ming. Umuman olganda, «Hasan II» Marokashda JCH-2030ga qaratilgan tayyorgarlik jarayonining asosiy qismidir. Marokashliklar ushbu megaloyiha yordamida mundial finalini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritmoqchilar. Ular hal qiluvchi bahsga yangilangan «Santyago Bernabeu» va «Kamp Nou» («Barselona» stadionidagi rekonstruksiya ishlari keyingi yil davomida yakunlanishi kerak) da’vogar ekanligiga qaramay, harakatlari samara keltirishiga ishonishmoqda.
Chodirsimon dizayn
Kasablankadagi stadion loyihasi chindan ham dabdabali. «Hasan II» dizayni «MYU»ning yangi stadionini loyihalash uchun mas’ul Populous kompaniyasiga tegishli. Megaloyihani amalga oshirish uchun 100 gektar yer maydoni ajratilgan. Ya’ni yangi arena atrofida ulkan bog‘ barpo etiladi, yana sport maydonchalari quriladi. Dizayn Marokashning an’anaviy chodiridan ilhomlangan holda ishlangan. Arena xavfsizlik va qulaylikning eng yuqori standartlariga to‘liq javob beradi. «Hasan II» tabiatga hurmat bilan qaraydigan ulkan hududga aylanadi va butun dunyo uchun ochiq bo‘ladi. Oddiy aytganda, yangi stadion Marokashga xos buyuk mehmondo‘st an’analari timsolidir», - deya loyihaga ta’rif berdi bosh dizayner Tariq Ualalu. To‘g‘ri, hozircha qurilish muddati aniq emas. Marokash Qirollik futbol federasiyasi prezidenti Fuzi Lekjaning aytishicha esa, stadion 2028 yil oxirigacha qad rostlaydi.
JCH-2030 uchun yana qaysi stadionlar bor?
2030 yilgi jahon chempionati naq 6ta mamlakatda mehmon bo‘ladi. To‘g‘ri, aksariyat o‘yinlar Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi, faqat dastlabki 3ta bahs Argentina, Paragvay va Urugvayda tashkil etiladi JCHning 100 yillik yubileyi sharafiga. Hozirda Janubiy Amerika tomoni stadionlar tanlovi masalasida yakuniy to‘xtamga kelmagan. Lekin asosiy mezbon mamlakatlar o‘yinlarni nechtadan stadionda qabul qilishi ma’lum: Ispaniya - 11ta, Marokash - 6ta va Portugaliya - 3ta. Ispanlar esa allaqachon 11ta arenani tanlab bo‘lishgan: «Santyago Bernabeu» (Madrid), «Kamp Nou» (Barselona), «Metropolitano» (Madrid), «RCDE Stedium» (Barselona), «La Kartuxa» (Sevilya), «San-Mames» (Bilbao), «Anoeta» (San-Sebastyan), «La Rosaleda» (Malaga), «Romareda» (Saragosa), «Riasor» (La-Korunya), «Gran-Kanariya» (Las-Palmas).
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi