Enrike «PSJ»ning Kimmixga qiziqishi haqidagi savolga javob berishdan qochdi
«Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyi Luis Enrike «Bavariya»dan Yozua Kimmixning ehtimoliy shartnoma imzolashi haqidagi ma’lumotlarga izoh bermadi.
Seshanba kuni parijliklar Chempionlar ligasi doirasida Myunxenda nemis grandi bilan o‘ynaydi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.
O‘yin arafasida jurnalistlar ispaniyalik murabbiyga «Bavariya» bilan shartnomasi mavsum oxirida tugaydigan yarim himoyachi Kimmixga qiziqishi haqida savol berishdi:
«Men bizning jamoamizda o‘ynamaydigan futbolchilarni muhokama qilmayman,» dedi Enrike.
Mish-mishlarga ko‘ra, 29 yoshli Germaniya terma jamoasi sardoriga Madridning «Real», «Barselona» va Angliya Premyer-ligasining top klublari ham da’vogarlik qilmoqda.