Pentakampeonlar omadsizlik botqog‘ida
5 marta jahon futbol tojini qo‘lga kiritgan Braziliya terma jamoasi JCH-2026ning saralash bosqichini talabga javob bermaydigan saviyada o‘tkazmoqda.
Ortda qolgan 8ta uchrashuvda jamoa 3ta g‘alaba va 1ta durangga erishdi, qolganlarida mag‘lubiyatini tan oldi. Xayriyatki, Braziliya 8-o‘rinda emas, bu o‘rinni egallagan jamoa mundialdan chetda qoladi. 5-o‘rin sohibi esa JCHning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Biroq Janubiy Amerikadagi saralashdan JCH-2026da to‘p surishga haqqi bo‘lmagan jamoani ko‘rsatadigan bo‘lsak, bu Braziliya terma jamoasi. Ular sotqinlar. Bu na murabbiy Dorivalning, na futbolchilarning ishi. Bu futbol uchun mas’ul bo‘lgan barcha kishilarning qilmishlari.
Amaldorlar va menejerlar sotqinlar. Ular tug‘ma futbolchilar saltanatini boshqaradilar. Barcha omillar futbol mashinalarini yaratishga xizmat qiladi. Mahalliy iqlimdan tortib, ijtimoiy xilma-xillikka qadar - Endrik bilan Vinisius futbolga sajda qilguvchi qashshoq oilalar vakillari. Braziliyaliklarning futbolga munosabatlari Yevropanikidan farq qiladi. Deylik, ispanlar yoki fransuzlar yirik turnirlarda g‘olib chiqsalar, ehtiroslari Braziliyanikidek kuchli bo‘lmaydi.
Bu borda ummon orti vakillari juda ilgarilab ketishgan. Agarda Argentina o‘zining bosh murabbiyi Skalonini topgan bo‘lsa va Messisiz g‘alabaga eltuvchi uslubni izlagan bo‘lsa, rejasi to‘liq amalga oshmayapti. Jamoa Kolumbiyadan yengildi. Braziliya esa cho‘kmoqda. Paragvaydan qabul qilgan mag‘lubiyati sensasiya emas. Biroq pentakampeonlar kamtarin raqibidan penaltilar seriyasida emas, asosiy vaqtning o‘zidayoq yengildi. So‘nggi 16 yil ichida ilk bora. Jamoa «Dinamo»dan o‘tgan Balbuene va «Krasnodar»ning sobiq o‘yinchisi Alonsoning jamoasiga teng kela olmadi. Messining «Inter Mayami»dagi jamoadoshi Diyego Gomes qoyilmaqom zarbasi bilan Alissonga imkon qoldirmadi. Golda «Liverpul» posbonining aybi yo‘q. Lekin «Nyukasl»dan kelgan tayanch yarim himoyachisi Gimaraesga savollar bor. Braziliya himoyadagi sustkashligi bilan o‘z muxlislarini ranjitdi. Oldingi chiziqda 3 nafar «Real» hujumchilari to‘p surishadi, himoya taniqli o‘yinchilar zimmasida. Lekin maydon markazi Vendel uslubidagi mohir o‘yinchiga muhtoj. Paragvayga qarshi bahsda Braziliya butun o‘yin davomida atigi 3 marta aniq zarba yo‘lladi. Nomdor o‘yinchilar bor, afsungarlar yo‘q.
Balki xaloskor Neymarni kutishayotgandir? Biroq vingerda jarohatlar ko‘p va uni qaysi pozisiyaga tushirishadi? Agar Paketa pozisiyasiga «o‘nlik» maqomida bo‘lsa, hujumchilar ko‘payib ketadi. Agar Vinisius Endrik o‘rniga «to‘qqizlik»ka aylansa, bu ahmoqona ish bo‘ladi.
Braziliyaliklar avvaldan taxmin qilish mumkin bo‘lgan uslubda o‘ynaydigan bo‘lib qoldilar. Bu «selesao» uchun haqoratga teng. Jamoa buyuk an’analarga xos qudratli, ochiq va hukmronlik qiladigan uslubda o‘ynamayapti. Hozir u shunchaki, shoshqaloq jamoa.
Braziliyalik fanatlar til biriktirish nazariyasiga, korrupsiya ta’siriga ishonadilar
Mamlakat klublarining asosiy daromadi - futbolchilar sotuvidan keladigan mablag‘. Ko‘pchilikning fikricha, terma jamoa agentlarning o‘zaro aloqalari, tanish-bilishchilik va oshna-og‘aynigarchilik ta’sirida shakllangan. Biroq bu taxminni inkor etadigan dalil ham bor. Zayavkadan ko‘pincha eng yaxshi futbolchilar joy oladilar. Tarixiy an’analardan voz kechish - omadsizlikning ikkinchi sababchisi. Muxlislar nazdida, klublar yevropalik xaridorlar talabiga ko‘ra ish yuritadilar, bolalarning ijodkorlik yondashuviga imkon bermaydilar.
Hozirgi braziliyaliklar faqat Vinisius va Rodrigolar emas, ular orasida Antoni va Risharlisonlar ham bor. Ular o‘yindan zavq olishni unutib qo‘yishdi, sodda yurishlar ko‘p, ijodkorlik kamayib ketmoqda.
Shuningdek, hozirgi avlod futbolchilari Ronaldo va Ronaldinyolar kabi yashashni, kechki bazmlardan keyin g‘alaba qozonishni bilmaydilar. Pato «Milan»ga kelganida Ronaldo unga Playboy jurnalini ko‘rsatgani va bezorilar yoki Kakaga o‘xshagan taqvodor o‘yinchilar yo‘lini tanlashi kerakligini aytgandi. Lekin u davrda cherkovga qatnaydigan futbolchilar tungi klub ishqibozlari bilan tinch-totuv hayot kechirishardi. Endi faqat o‘zaro e’tirozlar, noroziliklarni ko‘rish mumkin.
Braziliyaliklar chempion bo‘lishni emas, mashhur bo‘lishni istaydilar. Bu ayni haqiqat. «MYU»dagi Antoniga bir qarang, hammasini tushunib olasiz.
Hatto Vinisius ham hozircha sayyoramizning barcha hududiga tanilmagan. Lekin ko‘pgina mojarolarning «guli» bo‘lishga ulgurdi. Endi u «Oltin to‘p» da’vogarlari ro‘yxatida yetakchi. Lekin terma jamoalar bo‘yicha, Vinisiusning Braziliya uchun urgan gollari Yamalning Ispaniyaga hadya etgan gollaridan kam.
Qayta tiklanish uchun JCH-2026 finali juda muhim
Amerika Kubogi turniridagi zafarli yurish bilan avvalgi jangovarlikni tiklashga urinish samara bermadi. Qatarda Xorvatiya tufayli turnirni tark etish Braziliyaning zaifligini tasdiqladi. Jamoa asta-sekin cho‘ka boshlagandi, keyin botqoqqa ko‘nikib qoldi. Hozirgi holat yanada yomon, tiklanishga kafolat yo‘q.
Avvalgi afsonalar aqlli edilar. Romario senator bo‘ldi, Ronaldo ulkan boylik jamg‘ardi. Badavlat oiladan chiqqan Kaka ziyoli, Sokrates shifokor. Tabiiyki, ular atrofidagi o‘yinchilarning hammasi o‘tkir zehnli emasdi. Hozir undan ham yomonroq. Jamoaga Ispaniya termasidagi Rodri kabi futbolchilar kerak.
Neymarning ikki nafar farzandini ikki ayol dunyoga keltirgan, o‘zi kazinoda qimor o‘ynash bilan band. Shu zaylda undan falsafa fanlari doktori chiqishi qiyin. Muvaffaqiyatga erishish uchun jamoaga nafaqat saviya, balki yetuk aqlga ega yigitlar kerak.
Braziliyaliklar ichkilikka, tungi klublarga ruju qo‘yishgan. Pele va Garrincha Shvesiyada «hunar» ko‘rsatishgan, Ronaldo va Romario doimo tungi klubga chopishgan. Hatto o‘ta aqlli Sokrates aynan ichkilik tufayli yorug‘ dunyoni barvaqt tark etgan.
Futbol tarixida ham futbolchi, ham murabbiy maqomida jahon chempioni bo‘lish faqat Zagallo va Bekkenbauerga nasib etgan. Dorival ham JCH-2026ning finali haqida ko‘p gapiradi. Murabbiyning fikricha, «selesao» Nyu-Jersidagi stadionda o‘ynaydi. Biz shubhalanyapmiz. Yevropa jamoalari kuchliroqlar, Kolumbiya qiziqarliroq jamoa. Byelsa makkor Urugvayni shakllantirish bilan band. Argentina uchun unvonni himoya qilish oson bo‘lmaydi, lekin kamdan-kam o‘yinlarda mag‘lub bo‘ladi. Braziliya esa o‘ta achinarli omadsizliklarni namoyish etishga majbur bo‘ldi.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi