Perin: "Yuventus" va "Lechche" Bove haqida yaxshi xabar bo‘lmasa, o‘ynamaslikka kelishib olgandi"
"Yuventus" darvozaboni Mattia Perin "Lechche" bilan o‘yin o‘tkazilmay qolishi ehtimoli bo‘lganini aytdi.
"Fiorentina" futbolchisi Edoardo Bove avvalroq boshlangan "Inter" bilan o‘yinda hushini yo‘qotdi. Uchrashuvning 17-daqiqasidayoq hushidan ketgan futbolchi kasalxonaga yotqizilgan. "Lechche" – "Yuventus" o‘yini boshlanishiga biroz vaqt qolganida, Bove o‘ziga kelgani va tashqaridan yordamsiz nafas olayotgani ma’lum bo‘ldi.
"O‘yin boshlanishidan oldin barchamiz yig‘ilib, Florensiyadan Bove haqida xushxabar kelmaguncha, bugun kechqurun o‘ynamaslikka qaror qildik. Biz maydonga tushishimizdan oldin uning hech qanday xavf ostida emasligiga ishonch hosil qilishni xohladik. Endi biz uning tezroq tuzalib ketishini tilaymiz va uni maydonda ko‘rishni intiqlik bilan kutamiz", - deya Perinning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Football Italia.
"Lechche" – "Yuventus" uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi.