Lukas Paketa ishi - Braziliyacha zamonaviy serial.
Yangi faktlar yuzaga chiqqunga qadar voqealar puchga aylandi. Endi aftidan, hatto bir mavsum bilan cheklanib bo‘lmaydigandek. Avvalgi seriyalarni qisqacha eslatib o‘tamiz.
** Bosh qahramon - APLdagi eng muvaffaqiyatli yarim himoyachilardan biri bo‘lmish «Vest Xem» va Braziliya terma jamoasining futbolchisi;
** Angliya Futbol Assosiasiyasi (AFA) Paketani «o‘yinlar jarayoniga ta’sir etganlik»da rasman aybladi. Shubha ostiga APL doirasidagi 2022 yil noyabridan 2023 yil avgustiga qadar olingan 4ta ajabtovur sariq kartochkalar olingandi;
** Lukas Paketaga yuborilgan deyarli barcha stavka (ganak)lar Braziliyaning u tug‘ilgan Paketa orolidan yoki qo‘shni hududlardan yuborilgandi;
** Ko‘pgina ganaklarning qiymatga ega edi. Eng oz ganak - 7 funt: yutuqning umumiy qiymati 100 000 funtdan oshmaydi;
** Lukas Paketa - «Vest Xem»dagi eng ko‘p ish haqi oladigan futbolchilardan biri. Hatto soliqlarni chegirib tashlanganida ham, 100 000 funtni taxminan 3-4 kunda topa oladi;
** «Vest Xem» futbolchini rasman qo‘llab-quvvatladi. Paketa AFAning tekshiruvlari davom etayotgan davrda ham APLda o‘ynashi mumkin. Shu davr ichida yuzaga kelgan mojaro tufayli futbolchining «Manchester Siti»ga transferi to‘xtab qoldi. Tomonlar 80-100 mln. funtli kelishuvni muhokama qilayotgan edilar.
Endi yangi qahramonlar bilan tanishamiz: Luis Enrike, Lukas Paketaning amakisi Bruno Tolentino, uning o‘g‘li (Lukasning amakivachchasi) - Yan Tolentino
Braziliyaning UOL nashri Angliyada olib borilayotgan tekshiruvlar tafsiloti bilan tanishtiradi.
Lukas Paketa nomdor futbolchilar o‘rtasidagi jinoiy guruhning yagona ishtirokchisi bo‘lmasligi mumkin. Ikkinchi shubhali shaxs - hozirda Braziliyaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchilaridan biri bo‘lmish «Betis» yarim himoyachisi Luis Enrike.
Surishtiruv jarayonida Lukas Paketaning qarindoshlari (Bruno va uning o‘g‘li) tomonidan umumiy miqdori 40 000 real (7 300 dollar) miqdorida pul o‘tkazilgani aniqlandi va tasdiqlandi.
Bruno Tolentino shunday pul o‘tkazmasi bo‘lganligini tan oldi: «Undan qarzim bor edi, shuni qaytardim. U o‘rtamizdagi shaxsiy kelishuv edi, shunchaki, qarz olgandim»
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun pulni Tolentinoning o‘g‘li o‘tkazdi? Bunga ham o‘ta jo‘n javob tayyor: «Ganaklardahech qanday umumiylik yo‘q. Shunchaki, menda 30 000lik limit bor edi. Uni Yanga berdim, Yan esa Luis Enrikega jo‘natdi».
Avval pul - keyin kartochkalar
Hammasi risoladagidek, lekin Luis Enrike va Lukas Paketaning qarindoshlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni... yana sariq kartochkalar buzmoqda.
2023 yil yanvarida «Betis» futbolchisi pul o‘tkazmasini oladi, keyin kutilmaganda ajabtovur ogohlantirishlarni kolleksiya qilishga kirishadi.
** 28 yanvarda futbolchi «Xetafe»ga qarshi o‘yinda qo‘pol qoidabuzarlikni amalga oshiradi;
** 4 fevralda u «Selta»ga qarshi bahsda 11 daqiqaga maydonga tushib, «podkat» namoyish etadi;
** 12 martdagi «Vilyarreal» bilan bahsda Luis hakam ko‘rsatmasini bajarmay, yana jazolanadi.
O‘ta ajablanarli statistika: 2022|23 yillar mavsumiga qadar butun faoliyatida 6ta sariq kartochka olgan, Enrike 2022 yil noyabridan 2023 yil martigacha ham shuncha «gorchichnik» bilan jazolangan.
Ongli ravishdagi qoidabuzarliklarni tashkil etishda Duki-di-Kashias regioni juda faol. Taajjubki, u Paketa oroliga juda yaqin hududda joylashgan...
Bruno Tolentino Enrikening sariq kartochkalari uchun ganak qo‘yganligi, lekin qoidani buzmaganligini aytdi: «Ha, bukmekerlik idoralarida o‘ynayman, bu borada taqiq yo‘q. Bu, shunchaki, omad!».
Lukas Paketaning qarindoshi Enrike bilan tanish ekanligi, lekin do‘sti emasligi, bir necha marta birga futbol o‘ynaganligini bo‘yniga oldi.
Luis Enrike mojarodan oldin
2022 yilda 23 yoshli futbolchi Braziliyaning yorqin yulduzi hisoblanardi. Yozda u 11 mln. yevro evaziga «Betis»ga o‘tib, klub tarixidagi 8-eng qimmat futbochiga aylandi. OAV Luisni Vinisiusga qiyoslay boshladilar.
Qishda taxminlar qisman o‘zini oqlay boshladi: Luis Enrike Manuel Pellegrini tizimida ochildi. Jumladan, Ispaniya Superkubogi uchun «Barselona»ga qarshi bellashuvda 2ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Biroq afsuski, bu shunchaki, chaqnash edi: La Liga mavsumida u atigi 4ta samarali harakatni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
2023 yilning yozida «Zenit» bilan «Betis» o‘rtasida Enrikening transferiga oid muzokaralar boshlangani xususida mish-mish tarqaldi. Piterliklar Luisni Malkom o‘rniga mo‘ljallashgandi. Biroq kelishuv amalga oshmadi, Luis esa o‘z vataniga qaytdi va «Botafogo» o‘yinchisiga aylandi.
Sanksiyalar bo‘lmaydi: APLdagilar chetlanishdi, ispanlar futbolchini qo‘yib yuborishdi, Braziliyadagilar tinchlanishdi
Luis Enrike birorta mamlakatda shubha ostiga olingan hisoblanmaydi. Futbolchining vakili Xunior Mendosa tekshiruvda «Botafogo»dagi da’vogarlarning izi borligini taxmin qilmoqda: «Paketa ishi» hujjatlari Ispaniya FF arxivida saqlanmoqda. Tergov o‘tkazildi, Luis Enrike kerakli ma’lumotlarni berdi. Qizig‘i shundaki, mavzu aynan «Botafogo» Braziliya chempionatida sovrin uchun kurashayotgan, Luis Enrike esa terma jamoaga jalb etilishi mumkin bo‘lgan paytda ko‘tarildi. «Paketa ishi»ga uning aloqasi yo‘q».
Angliya FAning qandaydir e’tirozlari yo‘q. U yerdagilar faqat Angliyadagi musobaqalarda ishtirok etadigan yoki terma jamoada to‘p suradigan futbolchilarga nisbatan tergov ishi ochishlari mumkinligini ta’kidladilar.
Braziliyada barcha masalani transferdan avval hal qilishdi: Luis Enrikening diskvalifikasiya qilinishi yoki qilinmasligi xususida La Liga bilan bog‘landi. Futbolchining sobiq klubi bo‘lmish «Betis» Luisning qandaydir sanksiyalar va maxsus tergovdan xoli ekanligi haqida Ispaniya FFdan maktub oldi. Aynan shu mazmundagi hujjat «Botafogo»ga ham jo‘natildi.
Braziliyada o‘yinchiga nisbatan qo‘llangan yagona sanksiya - 2023 yil avgustidagi Marokashga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida yoshlar terma jamoasi tarkibiga kiritilmagani. O‘shanda mutasaddilar Enrikega ishonch bildirishmagandi. Shu yil sentyabrida Luis yoshlar emas, asosiy terma jamoa safidan joy olib, JCH-2026ning saralash bosqichida Ekvadorni yengishga munosib hissa qo‘shdi.
Bruno va Yan Tolentinolar esa Lukas Paketa ishi bo‘yicha shubha ostiga olingan 80 nafar shaxslar qatorida. Nima ham derdik, bu yog‘iga Paketa orolidan yangi qahramonlar va qiziqarli voqealarni kutgan holda, ganak tikishlarga barham berilishini tilab qolamiz.
S.RAHMONOV tayyorladi