Turkmaniston futbol federasiyasi Rossiyaning qator OAVda, xususan, Sport24 saytida “Turkmaniston terma jamoasi noyabr oyida Rossiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishdan bosh tortdi” sarlavhasi ostida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilganiga e’tibor qaratmoqda.
Shu masalaga turkman OAV oydinlik kiritdi. "Turkmaniston futbol federasiyasi va Rossiya futbol ittifoqi rasmiy vakillari joriy yil davomida o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmaganini ma’lum qilamiz.
Ayni paytda Turkmaniston terma jamoasi 2027 yilgi Osiyo Kubogi 3-saralash bosqichi o‘yinlariga rejali tayyorgarlik ko‘rmoqda. Noyabr oyida ham yetakchi futbol jamoalari bilan o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz, bu esa, shubhasiz, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Turkmaniston futbol federasiyasi ommaviy axborot vositalarini axborotni chop etishda mas’uliyat bilan yondashishga chaqiradi va Turkmaniston futbolini rivojlantirish bilan bog‘liq har qanday masalalarga oydinlik kiritish uchun ochiq muloqotga doimo tayyor", – deyiladi bayonotda.