"Barselona"ning chap qanot himoyachisi Alexandro Balde Ispaniya Superkubogi finalida "Real" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng (5:2) o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
21 yoshli ispaniyalik futbolchi birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan o‘ninchi daqiqada gol urib, hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirdi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar yana bittadan gol urishdi.
"Finalda "Real" darvozasiga urilgan gol ushalgan orzu edi. Mavsum juda uzoq, biz har doim ham g‘alaba qozona olmaymiz, ammo bugungi muvaffaqiyat bizga ishonch bag‘ishlashi aniq", - dedi Alexandro Balde Barca Centre bilan suhbatda.
"Barselona" mavsumdagi o‘zining birinchi sovrinini Xans-Diter Flik qo‘l ostida qo‘lga kiritdi. Nemis mutaxassisi joriy mavsum boshlanishi arafasida jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga olgandi.