Xalqimizda ajoyib hikmatli so‘zlar bisyor. «Olma daraxti ostiga olma tushadi» - bu maqol ham ko‘p yillik hayotiy tajribadan kelib chiqqan, albatta.
Ma’nosi ham hamma uchun tushunarli. To‘g‘ri, ba’zan hammasi qaysidir ma’noda ushbu ajoyib maqolga zid kelishi mumkin. Axir inson taqdiroti avvalo, Yaratgandan...
Zayniddin Zidan - nafaqat Fransiya, balki butun dunyo futbolining beqiyos afsonasi. Nima deb o‘ylaysiz, buyuk Zizuda futbol bobida qandaydir armoni bormikan? Aytish qiyin. Axir u futbolchilikda ham, murabbiylikda ham mislsiz g‘alabalarni tantana qildi. Birgina Fransiya milliy jamoasi bilan jahon kubogini boshi uzra baland ko‘targanining o‘zi salmoqli tosh bosishi o‘z-o‘zidan tushunarli.
Zayniddin Zidan ehtimol, zurriyotlaridan hech biri shonli yo‘lini biroz bo‘lsada, davom ettirolmaganiga armon sifatida qarar... Axir u naq 5 nafar o‘g‘lini futbolga yo‘naltirdi, ammo bundan kutilgan natija chiqqani yo‘q hozircha. Vaholanki, to‘ng‘ich farzandlari - Enso va Driss allaqachon 29 yoshni urib qo‘yishdi. Ular hattoki, butsalarini mixga ilishga ham ulgurishdi. 26 yoshli darvozabon Luka Zidan va 22 yoshli Teo hozir Ispaniya chempionati Ikkinchi divizionida bo‘lishsa, Elyas (18 yosh) Uchinchi ligada «Betis» yoshlar jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Ha, bir kam dunyo shu-da...