"Real"ga o‘tganidan so‘ng, Endrik o‘zini Madrid klubida topa olmayapti. Buning ustiga, 18 yoshli futbolchining oilasi bayram davrida motamga cho‘mdi.
Foot Mercato nashrining xabar berishicha, Rojdestvo kuni ertalab Endrikning opasi Laviniya Sudrening eri Maurisio Nunyes Gonsalves o‘ldirildi. Maurisio futbolchining yaqin do‘sti ham bo‘lgan.
Hodisa Braziliyaning poytaxti Braziliya yaqinida joylashgan Samambayya-Norte hududida sodir bo‘lgan.
Maurisio Nunyes hududdagi mahalliy barda bo‘lgan vaqtda 24 yoshli erkak unga yaqinlashib, pistoletdan birinchi marta otgan. Qurbon qochib ketishga uringan, biroq jinoyatchi uni qo‘lga olib, boshiga bir necha marta o‘q uzgan. Maurisio o‘q yaralaridan halok bo‘lgan.