Matteys de Ligt o‘tgan yoz «Bavariya»dan «MYU»ga o‘tdi.
Niderlandiyalik himoyachi o‘z transferidan keyin haligacha loaqal ikki mavsum muayyan bir murabbiy bilan ishlamaganini tilga oldi. «Ha, hozirgacha menga butun faoliyatim davomida biror murabbiy qo‘l ostida 1,5 mavsumdan uzoqroq o‘ynash nasib etgani yo‘q. Umid qilamanki, endi ushbu an’ana buziladi va Erik ten Xag bilan bir necha yil birga ishlaymiz».
25 yoshli futbolchining ushbu faktni aytgani va o‘ziga xos an’ana xotima topishiga ishonch bildirgani bejiz emasdi. Har holda, Matteys de Ligtni «MYU»ga o‘ziga tanish mutaxassis Erik ten Xag chorlagandi. Xullas, niderlandiyalik himoyachi u bilan navbatdagi hamkorligi xuddi «Ayaks»dagi kabi samarali kechishiga umid bog‘ladi. Biroq...
Bu safar ham de Ligt «la’nati» ishga tushdi, go‘yo. «MYU» rahbariyati uzoq sabrdan keyin 28 oktyabr kuni Erik ten Xagni iste’foga chiqardi. Shu bilan bitta g‘aroyib fakt o‘zgarmay qoldi: Matteys professional darajada har bir mavsum yangi murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqda.
Diqqat qiling, de Ligt hozir 25 yoshda va u hali biror murabbiy qo‘l ostida loaqal 100ta o‘yin marrasiga yetmagan. Futbolchi shuningdek, vaqtincha murabbiylar rahbarligida 45ta o‘yin to‘plashga ulgurdi. «Meni «Manchester»ga aynan Erik ten Xag chaqirgani rost. U bilan birga katta marralarni zabt etishni o‘ylaganim ham o‘z-o‘zidan tushunarli. Erikka shunchaki, omad kulib boqmadi. Aslida aksariyat o‘yinlarda yaxshi o‘ynadik, biroq vaziyatlardan foydalanolmaslik pand berdi. Afsus, hammasi shunday tugadi. Amorimga kelsak, u «Sporting»da jiddiy ishlarni uddaladi. Ruben «MYU»ni ham yuqori darajaga ko‘tara olishiga ishonaman. Amorim men uchun birinchi murabbiy emas va bilaman, oxirgisi ham bo‘lmaydi. Yana bir gap - «MYU» taklifini faqat ten Xag tufayligina qabul qilmagandim. O‘ylaymanki, bu klub hozir ham jahon futbolida elit guruhga mansub. Maydonda o‘z ishimni sifatli bajarsam, bas. Hozir hammasi mutlaqo o‘z o‘rnida, o‘yinim ham o‘xshayapti. Shu ruhda davom ettirishim kerak», - dedi Matteys faoliyatida murabbiy yana o‘zgarganidan keyin. Qiziq, de Ligt «la’nati» «MYU»ga katta umid va ishonch bilan taklif etilgan Ruben Amorimga qanday ta’sir ko‘rsatarkin...?