"Napoli" sport direktori Jovanni Manna Viktor Osimxenning sotilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga izoh berdi.
Nigeriyalik forvard mavsum oxirigacha "Galatasaroy"ga ijaraga berilgan. Shartnomaga ko‘ra, agar 75 million yevro to‘lashga tayyor bo‘lganlar bo‘lsa, yanvar oyida futbolchini boshqa klubga to‘liq o‘tkazish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Mish-mishlarga ko‘ra, "Manchester Yunayted" va "PSJ" bu variantni ko‘rib chiqmoqda.
"Aytganimdek, boshqa klublar biz bilan bog‘lanmadi. Viktor "Napoli"ga tegishli va "Galatasaroy"da o‘ynaydi. Hozir boshqa hech narsa bo‘lmayapti", - deya Jovanni Mannaning so‘zlarini keltiradi Football Italia.