Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente «Barselona» yarim himoyachisi Mark Kasado haqida fikr bildirdi.
21 yoshli futbolchi «qizil furiya» safida juma kuni bo‘lib o‘tgan Daniya bilan bahsda debyut qildi. Bahs ispaniyaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. «Ko‘k-anorranglilar» vakili ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi.
«Kasado barchamizni hayratda qoldirdi», - deydi de la Fuente. - U yosh, lekin ancha yetuk o‘yinchi. Bu uning o‘yin sifatlaridan tashqari kuchli tomonlaridan biridir. Aynan shuning uchun u hamma narsani juda yaxshi uddalamoqda», - dedi Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi dushanba kuni Shveysariyaga qarshi o‘yin oldidan.