«Liverpul» vinger Muhammad Saloh bilan 2025 yilning yozida tugaydigan shartnomani uzaytirish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Jurnalist Florian Plettenbergning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar haligacha kelishuvga erisha olishmayapti. Ayni paytda Salohga Saudiya Arabistonidan ham, Yevropadan ham katta takliflar bor.
Muhammad «Roma»dan 42 million yevro evaziga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, 2017 yilning yozidan buyon mersisaydliklar safida to‘p tepmoqda. Saloh ingliz klubi bilan 8 ta sovrin yutgan.
Joriy mavsumda u klub safida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.