Kecha, 6 oktyabr kuni mamlakatimiz mezbonligida o‘tgan futzal bo‘yicha Jahon chempionati yakunlandi. Final o‘yinida Braziliya Argentinani 2:1 hisobida taslim qildi.
Chempionatning eng yaxshi to‘purari Marsel (Braziliya) deya e’tirof etildi. Ushbu o‘yinchi musobaqa davomida raqiblar darvozasiga 10 marotaba gol urishni uddaladi. Eng yaxshi darvozabon nominasiyasi bo‘yicha Villian (Braziliya) g‘olib bo‘ldi. Diyego (Braziliya) musobaqaning eng yaxshi futzalchisiga aylandi.
Darvoqe, jahon chempionatining final o‘yinini 9 ming 29 tomoshabin kuzatdi. O‘zbekiston rasmiylari hamda FIFA prezidenti Janni Infantino, Braziliya futbol konfederasiyasi prezidenti, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid va futzal bo‘yicha 2 karra jahon chempioni Xavi Rodriges kabi martabali mehmonlar dunyo birinchiligining so‘nggi uchrashuviga tashrif buyurdi.