"Barselona" yarim himoyachisi Dani Olmo mashg‘ulot maydonida jamoadoshlarini hayratda qoldirdi. 26 yoshli futbolchi yaqinda jarohatidan forig‘ bo‘ldi. "Bavariya" va "Real"ga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi ikki o‘yinda ispaniyalik futbolchi ikkinchi bo‘lim oxirida zaxiradan maydonga tushdi.
Relevo xabariga ko‘ra, Olmo endi asosiy tarkibga qaytishga yaqin turibdi. Klubdagilar Yevropa chempionining mashg‘ulotlarda ko‘rsatayotgan shiddati va sifatidan hayratda qoldi.
Jamoa "RB Leypsig"dan sotib olingan yangi futbolchini juda yuqori darajada deb hisoblamoqda. Xans-Diter Flik 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan La Liga doirasidagi “Espanyol”ga qarshi o‘yinda Dani Olmoni maydonga tushirishi kutilmoqda.