Bir qator ishonchli manbalar Ruben Amorimning«MYU» bilan muzokaralar o‘tkazayotganini yozishmoqda. Hatto Fabrisio Romano, «Yunayted» bo‘yicha eng ishonchli Ornshteyn ham yozdi.
Ruben Amorim, 39 yoshli «Sporting» murabbiyi, anchadan beri ko‘tarilishi taxmin qilingan. «Liverpul»ga o‘tishi mumkin edi, ammo ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning 3-4-3 sxemasi klubga to‘g‘ri kelmagan. «Sporting» direktori Ugo Viana «Manchester Siti»ga Bagiristayn o‘rniga kelishi aniq bo‘lgach, murabbiyning bir yillik shartnoma muddati qolgan Pep Gvardiola o‘rniga kelishi mumkinligi haqidayam taxmin qilishdi.
Ayni paytda «MYU» ishlayotgan murabbiyni ham «sotib olishga» qarshimasligi, Amorim darhol ishga tushishga tayyorligi aytilmoqda. Uyog‘i muzokaralar kuchiga, hamda «Sporting»ning roziligiga bog‘liq. Yigirma yil chempion bo‘lolmagan klubni Amorim 2021 yil yanvarida 4-o‘rinda qabul qilib, o‘sha yili chempion qildi. O‘tgan mavsum ikkinchi chempionlik nishonlandi. Ayni paytda jamoa 9 o‘yinda 9 g‘alaba bilan jadvalni boshqarmoqda. Klub uni qo‘yib yuborishni istamasligi ham yoki Amorimning xizmatlarini inobatga olib, omad tilashi ham mumkin.
Yana bir fakt, Portugaliya nashrlarining yozishicha, murabbiyning tovon puli 16 million bo‘lsa-da, 7 jamoa uchun ikki barobar kam bo‘lishi kelishilgan. Bu klublar - «Real», «Barselona», «Liverpul», «Manchester Siti», «Yuventus», «Bavariya», hamda «Manchester Yunayted».
Xullas, Yevropaning ko‘zga ko‘ringan yosh murabbiylaridan biri Amorim 3-4-3 sxemasiga tayanadi. Bir qaraganda, hozirgi tarkib bu uslubga har tomonlama mos kelishi mumkin - markaziy himoyachilar ko‘pligi (De Ligt, Martines, Yoro, Maguayr, Lindelof, Evans va hatto Shou), mos «o‘nlik»lar - Bruno, Maunt, katta hujumchilar - Xoylund, Zirkze. Faqat Reshford va Garnacho biroz aziyat chekishi mumkin, chunki Amorimda sof vingerlar yo‘q - yangicha rollarda qanday o‘zini ko‘rsatish muhim.
Eng yaxshi tomoni, Abduqodir Xusanov bemalol «MYU»ga boraveradi, agar.. :)
Qahramon Aslanov