Vaqtida Krishtianu Ronaldu bilan ham samarali hamkorlik qilgan zamonaviy futboldagi eng ilg‘or agentlardan biri Jorje Mendesh hammani yana bir bora hayrat ko‘chasiga yetakladi.
Portugaliyalik korchalon vositachi bu safar «Barselona» bag‘ridagi eng yorqin iqtidorlar qatorida tilga olinayotgan Adam Karualni o‘z tomoniga og‘dirdi shartnoma asosida. Bunda g‘ayrioddiy tomoni yo‘q agar Mendeshning yangi mijozi atigi 12 yoshda ekanligi inobatga olinmasa...
«Yangi Maradona». Adam Germaniyada asli marokashliklar oilasida tug‘ilgan. U hozirda o‘z tengdoshlari orasida eng istiqbolli futbolchi sifatida e’tirof etilmoqda. «Barselona» U-13 jamoasida o‘ynayotgan Adamga «Yangi Maradona» maqomi berilgani barchasini ko‘rsatib turibdi. Yigitcha chindan ham, nafaqat imidji, balki maydonda harakatlanishi va dribling salohiyati bilan buyuk argentinalikni eslatib yuboryapti. Hammasini tezda ilg‘aydigan Jorje Mendesh esa vunderkind bilan shartnoma tuzishni paysalga solgani yo‘q.
Top futbolilarga top menejer. Jorje Mendesh boshqaruvidagi Gestifute agentlik kompaniyasi jahon futbolining o‘nlab sara yulduzlari bilan hamkorlik qilayotganini qo‘shimcha qilish o‘rinli. Xususan, Ruben Diash, Bernardu Silva va Darvin Nunyes ayni payt Mendesh mijozlari sanalishadi. Endi 12 yoshli Adam ham ustamon agent qanoti ostida. Bundan nima chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi, albatta.
D.Alimov tayyorladi