2025 yilda Filippin arenalari ayollar o‘rtasida futzal bo‘yicha ilk FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha tashkilotchilik tajribasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida FIFA vakillari Filippin futbol federasiyasi mutaxassislarini mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga taklif etdi.
Filippin futbol federasiyasi ishchi guruhi Jahon chempionati o‘tkazilayotgan shaharlarda bo‘lib, FIFA va mahalliy tashkiliy qo‘mita faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mundialning tashkiliy masalalari, jumladan arenalarda amalga oshirilgan tayyorgarlik jarayoni, muxlislar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ishtirokchi jamoalarga taqdim etiladigan qulayliklar, stadionlar va mezbon shaharlar bo‘ylab amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari, turnir vaqtida shaharlararo transportni yo‘lga qo‘yish, marketing va media tadbirlarini o‘tkazish, uchrashuvlarni butun dunyoga efirga uzatadigan translyasiya markazi faoliyati o‘rganildi.