«Valensiya»ning sobiq xo‘jayini Pako Roch Ispaniya futboli osmonida nogahon quyuq chang ko‘tardi, go‘yo.
U o‘z intervyusida rossiyalik hakamga pora berish harakati haqida oshkora gapirishdan tashqari, «Real» va «Barselona»ni loyga beladi. Ha, Roch Relevo nashriga olovli intervyu berdi, unda ochiq-oshkora gapirdi. Ma’lumot uchun, «Valensiya» hayotida chuqur iz qoldirgan sobiq funksioner 1994-1997 yillar oralig‘ida «ko‘rshapalaklar»ni prezident rolida boshqargan. Jamoa uning davrida Ispaniya chempionati kumush medalini qo‘lga kiritishdan tashqari, Qirol kubogi finalida o‘ynagan. Pako Roch hozir 85 yoshda va uzoq vaqtdan buyon futbol bilan deyarli aloqasi yo‘q. Lekin qariyada Ispaniya futbolining 90-yillardagi ishlari yuzasidan aytib beradigan hikoyasi yo‘q emas. Mana, Pako bobo uzoq tanaffusdan keyin jurnalistlarning intervyu masalasidagi iltimoslarini rad etmadi va suhbat jarayonida o‘zi, o‘sha «Valensiya» haqidagi ko‘plab voqealarni oshkora esga oldi. Asosiysi, sobiq prezident muhim iqtiboslarni beparvolik bilan tilga ko‘chirdi.
Roch «Real» yetakchisi Vinisiusni «axlat uyumi»ga chiqardi
«Valensiya»ning sobiq xo‘jayini butun intervyu davomida sira xijolat tortmadi, mulohaza yuritishni chetga surib qo‘ydi. Lekin ayniqsa, «Real» vingeri Vinisiusga bog‘liq irqchilik holatlari yuzasidan juda qattiq gapirdi: «E’tiborga olish kerak, Ispaniyada oldin hech qachon irqchilik muammolari ko‘tarilmagan. Har holda, shaxsan men bunday holatni umuman ko‘rmaganman va sezmaganman. Qarang, Romario yarim qora tanli edi va hech qanday muammoga uchramagan. Yo‘q, hozir «Real Madrid» emas, «Haqiqiy immigrant» (suhbatning original talqinida so‘z o‘yini bo‘lgan: Real Madrid va Real Immigrant) haqida gapiryapman. Jamoa tarkibini oling: 8 nafar qora tanli, 2 nafar oq tanli xorijlik va yagona ispaniyalik bor - Karvaxal. Yana anavi Vinisius ham. U nima qilganini ko‘rdingizmi o‘zi? Shunchaki, «Mestalya»dagi panjara to‘siqqa osilib, muxlisni haqoratlaganlikda aybladi. O‘sha kuni nabiram va o‘g‘lim bilan stadionga borgandim. Shunda nabiramdan so‘radim: «Anavi yigit nima deb qichqiryapti o‘zi?» U javob berdi: «Bobo, qo‘ying, turli bema’niliklar...». Shunda o‘ylab qolasiz: nima, muxlislar Vinisiusni haqoratlashdimi, uni maymunga chiqarishdimi? Yo‘q. Aslida u noto‘g‘ri baqirdi: «Sizlar Segundaga yo‘l oling...». Shunday voqeliklardan keyin muxlislar bir necha o‘yinga tushishdan mahrum bo‘ladilar, Vinisiusning barcha qiliqlari esa unutiladi, u kechiriladi. Ha, tan olaman, yaxshi futbolchi, lekin inson sifatida shunchaki, «axlat uyumi»...
«Real» va «Barselona»ga hakamlik nazorati bo‘yicha ayblov
Pako Roch Ispaniya chempionatidagi hakamlik yuzasidan ham juda ko‘p qiziqarli voqealarni tilga oldi. «Valensiya»ning sobiq prezidenti jumladan, hakamlarni ikki yirik klub to‘liq nazorat ostiga olganini ta’kidladi: «Negreyra ishi» («Barselona»ning Hakamlar qo‘mitasi sobiq xodimi Xose Negreyraga pora bergani haqidagi mojaro)ga munosabatim? Bunga ishonamanmi? Ha, barchasiga ishonchim komil. Vaqtida «Real» hakamlar yordamida o‘ynagani, «Barselona» esa ularga Longines oltin soatlari olib bergani haqida ko‘p eshitganman. Hakamlar esa faoliyati tugaganidan keyin sovg‘alar tugashini bilishgan. Bularni menga hakamlarning o‘zlari aytib berishgan. Xo‘sh, bu rostmi yoki yolg‘on? Bilmayman». Sobiq funksioner hatto barchasini misol bilan izohladi: «Sobiq hakamlardan biri menga barchasini ochiq-oydin aytdi. «Barselona» - «Elche» o‘yini arafasida yoniga bir kishi kelib, unga yaxshilik qila olish-olmasligini so‘ragan. Yana oldida 1 million peset borligini qo‘shimcha qilib, agar «Barselona» g‘alaba qozonsa, pulni to‘liq hakamlarga qoldirishini, durang qayd etilsa, yarmini qaytarib olishini aytgan. Bordiyu, «Barsa» yutqazsa, pulni to‘liq qaytarishini ham eslatgan. Bilasizmi, ko‘p yillar davomida xuddi shunday tizim ishlagan».
Nikolay Levnikovga pora berish harakati
Pako Rochning o‘zi ham korrupsiyaga yo‘l qo‘yishga uringanini oshkora tan oldi. Aytishicha, u 1996 yili «Bavariya»ga qarshi o‘yin oldidan rossiyalik referi Nikolay Levnikovga pora berishni o‘ylagan, ammo vositachi tomonidan aldangan: «Ochiq gapiraman, hamma joyda hakamga pora berish amaliyoti bor edi. Bu ishni madridlik Torkal familiyali mitti agent vositachiligida qilmoqchi bo‘ldim, ammo u meni chuv tushirdi... Esimda, bu UYEFA kubogidan o‘rin olgan «Bavariya» bilan o‘yin oldidan ro‘y bergandi. Qur’a natijasini bilganimizdan so‘ng ayrimlar menga darhol luqma tashlay boshlashdi: «Ha, hozirdan tashvishlanayotgan bo‘lsang kerak». Lekin dadil javob berdim: «Menmi? Yo‘q, «Bavariya»ni tashvish bosaversin...». Keyin Torkal oldimga keldi: «Pako, sizlarning o‘yiningizni gap uqmas rus hakami boshshqaradi, lekin biz yaqin do‘stmiz, shunday ekan, menga 3 million peset ber va u hammasini hal qiladi». Shunda Torkalga hakam bilan gaplashishi mumkinligini, faqat pulni o‘yindan keyin berishimni aytdim. Biroq u ko‘nmadi: «Yo‘q, to‘lov oldindan, aks holda, hakam bilan kelishib bo‘lmaydi». Shu tariqa agent qo‘liga 3 million tutqazdim, keyin esa... Hakam o‘yin boshlanganidan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas, «Valensiya» darvozasiga penalti belgiladi, to‘g‘ri, zarbani Subisarreta bartaraf etdi. Adashmasam, yakunda o‘sha javob o‘yinida mag‘lubiyatga uchradik (0:1 hisobi qayd etilgan), lekin keyingi bosqichga chiqdik. Ammo Torkalning meni chuv tushirgani qoldi. Ahmoq. O‘zi hakamlarga bog‘liq korrupsiya shunday chalkashliklarga to‘la edi».
Alohida aytish kerak, «Real» va «Barselona» vakillari «Valensiya»ning sobiq funksioneri bayonotiga reaksiya bildirishgani yo‘q.