"Nottingem Forest" xo‘jayini hakamning oyog‘iga tupurgani uchun diskvalifikasiya qilindi.
28 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan "Nottingem" - "Fulxem" (0:1) uchrashuvidan so‘ng bosh hakam Joshua Smit "Forest" xo‘jayini Evangelos Marinakisni o‘z oyog‘iga tupurganlikda aybladi. Hakamning so‘zlarini zaxira hakami Tim Robinson ham tasdiqladi.
Biroq klub rahbarining o‘zi kuniga ikki-uchta sigaret chekgani uchun yo‘talayotganini ta’kidladi.
Bayonotda, shuningdek, o‘yin kuni Marinakisning yo‘tali bo‘lganligi va "og‘zidan so‘lak chiqib ketganini" eslay olmagani aytilgan. Shu bilan birga, gresiyalik tadbirkor ataylab hakamning oyog‘iga tupurganini rad etdi.
Payshanba kuni tartib-intizom qo‘mitasi Marinakisni 5 ta o‘yinga diskvalifikasiya qildi va u stadionga kela olmaydi. Qo‘mita “hakamga nisbatan hurmatsizlik va jirkanch ko‘rinishni” qoraladi.
"Nottingem" xo‘jayini "Kristal Pelas" bilan o‘yinda (1:0) stadionda bo‘lmagan. Unda yana 4 ta o‘yin qoldi.