Madagaskar futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini tashkil etishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Madagaskarning davlat boshqaruvi va xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Devid Razananzoa “RIA Novosti”ga ma’lum qilgan.
Avvalroq Rossiya futbol ittifoqi (RFU) prezidenti maslahatchisi Aleksey Sorokin tashkilot 2025 yil uchun Janubiy Amerika va Afrikada Rossiya terma jamoasiga raqiblar topish ustida ish olib borayotgani haqida ma’lum qilgandi. Noyabr oyida Valeriy Karpin shogirdlari Suriya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Hindiston futbol federasiyasi Rossiya futbol ittifoqi bilan 2025 yilda milliy terma jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Oktyabr oyidagi FIFA tanaffusida Rossiya terma jamoasi Pokiston termasi bilan o‘ynashi kerak edi, biroq raqib o‘rtoqlik uchrashuvidan bosh tortdi. Natijada Valeriy Karpin shogirdlari yig‘inni o‘yinsiz o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning fevral oyidan boshlab FIFA va UYEFA qarori bilan Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaning barcha terma jamoalari va klublari xalqaro turnirlardan chetlashtirildi. Shu tariqa Rossiya erkaklar terma jamoasi Qatardagi jahon chempionati va Germaniyada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatini o‘tkazib yubordi.