O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-maydagi 195-sonli “2024-yilgi Futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 14-sentyabrdan 6-oktyabrga qadar Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati muxlislari uchun jamoat transporti bepul bo‘ladi.
Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, Jahon chempionati uchun akkreditasiyadan o‘tgan shaxslar, mundial o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy etiladi.
Jumladan, jahon chempionatiga akkreditasiyadan o‘tgan va o‘yinlarga chipta sotib olgan fuqarolar shahar jamoat transportidan bepul foydalanishlari mumkin. Buning uchun siz akkreditasiya kartalari yoki chiptalarni taqdim etishingiz kerak.
Shuningdek, 10-sentyabrdan 10-oktyabrga qadar “Toshkent – Buxoro”, “Toshkent – Andijon – Toshkent”, “Andijon – Buxoro – Xiva – Andijon”, “Andijon – Buxoro – Qo‘ng‘irot” – Andijon” va “Andijon – Termiz – Andijon” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlarga qo‘shimcha 4 tadan yo‘lovchi vagonlari ulanadi.