“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Erik ten Hag “qizil iblislar”ning ba’zi futbolchilari bilan kelishmovchilikka uchragan. Bunga uning ingliz tilini yaxshi bilmasligi oqibatida fikrini to‘liq yetkaza olmagani sabab bo‘lgan.
“Erik juda sodda va ochiq ko‘ngilli. U o‘z prinsiplariga ko‘ra halol inson, lekin o‘tgan mavsumda biz unga futbolchilarga nisbatan yumshoq munosabatda bo‘lishi kerakligini aytishimizga to‘g‘ri keldi. Erik ularni juda tez-tez tanqid qilar edi, lekin ba’zida bu uning ingliz tilin bilish darajasiga bog‘liq edi.
Ten Hag ingliz tilida gapiradi, lekin har doim ham uning barcha jihatlarini tushunmaydi. Misol uchun, o‘tgan mavsumda u braziliyalik futbolchi Kazemiroga “futbol sabablari”ga ko‘ra almashtirganini aytib, g‘azablantirgandi. Erik taktik sabablarga ko‘ra demoqchi bo‘lgan, ammo tilni yaxshi bilmagani sabab Chempionlar Ligasining bir necha bor g‘olibini g‘azablantirgan. Futbolchi murabbiy uni tanqid qilyapti deb o‘ylagan”, deya vaziyatdan xabardor insonning so‘zlaridan iqtibos keltirgan ESPN.
Avvalroq “Manchester Yunayted” bosh murabbiyligi uchun Zidan nomzodi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi.