Gvardiola – «Man Siti»ning inqirozi haqida: «Men taslim bo‘lmayman!»
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoaning muammolari yuzasidan fikr bildirdi. Kataloniyalik mutaxassis vaziyatni yaxshilash uchun unga ko‘proq vaqt kerakligini aytdi. U shuningdek, barchasini uddalashiga ishonch bildirdi.
«Jamoamizning o‘yin sifati pasaydimi? Ba’zan bu ertaroq sodir bo‘ladi va hammasini osongina to‘g‘rilash mumkin bo‘ladi. Lekin ba’zan ko‘proq vaqt talab etiladi. Lekin men taslim bo‘lmayman! Men bu yerda bo‘lishni va vujudga kelgan vaziyatlarni hal etishni istayman», — Gvardiolaning so‘zlarini keltiradi "City Xtra".
18 o‘yindan so‘ng «Manchester Siti» turnir jadvalida yettinchi o‘rinda turibdi. Jamoa barcha turnirlardagi so‘nggi 13 o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozongan.
Yetakchilik qilayotgan «Liverpul» amaldagi chempionni 14 ochko orqada qoldirmoqda. Avvalroq Gvardiola «Manchester Siti» bilan shartnomasini uzaytirgan edi.