«Real» Mbappeni qancha vaqtga yo‘qotgani ertaga ma’lum bo‘ladi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe seshanba kuni Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 6-turi doirasida «Atalanta»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, almashtirildi.
Fransuz futbolchisi son qismidan jarohat olishdan oldin gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Marca» xabariga ko‘ra, Mbappe payshanba kuni tushdan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Shundan so‘ng 25 yoshli futbolchiga shifokorlar tashxisi qo‘yiladi.
Katta ehtimol bilan Kilian Mbappe Ispaniya chempionatining shanba kuni bo‘lib o‘tadigan «Rayo Valyekano»ga qarshi o‘yinida «Real» safida maydonga tusha olmaydi.