Endi Rafinyani hamma yaxshi ko‘radi
Rafinya - «Barselona» qahramoni. U o‘zining xet-triki bilan «Bavariya»ni pachoqlab tashladi.
«Mazkur bellashuvni men bir umrga unutmayman. Aqlga to‘g‘ri kelmaydigan jihati shundaki, xet-trikka «Barsa» tarkibidagi 100-o‘yinimda erishdim. Aynan shunday oqshomlarni orzu qilardim. Bu yerga tarixni yaratish uchun kelganman, har kuni faqat shu maqsad sari intilaman», - deydi braziliyalik vinger.
Rafinya yuksak sport formasida. Mavsum startidan beri uni to‘xtatib qolishning umuman, iloji bo‘lmayapti:
- Bu braziliyalik vinger faoliyatidagi ikkinchi xet-trik. Birinchisini u «Valyadolid»ga qarshi uchrashuvda amalga oshirgan, joriy mavsumda.
- Endi Rafinya hisobida barcha turnirlardagi 16ta o‘yinda amalga oshirilgan 12ta gol va 10ta samarali uzatma bor. Top-ligalar beshligining eng sermahsul o‘yinchisi, Robert Levandovski bilan hujumkor duetni tashkil etgan.
- Braziliyalik futbolchi 2015 yildan beri YECHLdagi «Bavariya»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida 2ta gol urgan birinchi o‘yinchi bo‘ldi. O‘sha yilning mayida Neymar shunday natijani takrorlagandi. U ham «Barsa» safida.
- Yana bir jihat: Rafinya «Bavariya» darvozani 1-daqiqada zabt etgandi. «Barsa» 2005 yildan beri bunchalik tezkor golni urmagandi. O‘shanda «Panatinaikos» mahv etilgan.
Rafinya Xavi davrida ham yorqin o‘yin ko‘rsatgan: YECHLning pley-off bosqichida ajoyib samarali uzatmani amalga oshirgan. Mutasaddilar uni tanqid ostiga olib, «Al-Hilol»ga jo‘natmoqchi bo‘lishganida ham, Xavi Rafinyaga ishonch bildirgandi. Lamin Yamal kelganidan keyin ham u ishsiz qolmadi, murabbiy aytgan pozisiyada munosib to‘p surdi.
Xansi Flik Rafinyadan hayratda. Futbolchi ham ustozidan minnatdor: «Hozirgi o‘yinlarni avvalgilari bilan qiyoslashni yoqtirmayman. Murabbiy pressingni xush ko‘radi. Bu men uchun va boshqa hujumchilar uchun juda yaxshi. Darvozaga qancha yaqinroq bo‘lsak, pressingga o‘tish osonlashadi».
Niko Uilyams voqeasi Rafinyaga og‘ir botdi, biroq u ulg‘aydi
Braziliyalik futbolchi o‘yin saviyasi va tajriba bobida o‘sdi. Buni Flik va jamoadoshlari ham ta’kidlashgan.
«O‘yindagi o‘zgarishlarni o‘zim ham sezib turibman. Murabbiylar va jamoadoshlarim tomonidan bildirilayotgan ishonch ruhiyatimni ko‘tarmoqda. Jamoadagi 3 yillik faoliyatim davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim, ayniqsa, joriy mavsumda mentalitetim o‘zgardi. Boshqa pozisiyalarga moslashib olishim kerakligini bilardim. Shu yo‘ldan og‘ishmay borish uchun bor kuch-mahoratimni ayamay sarflashga tayyorman», - deydi vinger.
Lekin yozda «Barselona» bilan Niko Uilyamsga bog‘liq voqea Rafinyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Muxlislar Nikoni kuta boshladilar, Rafinyani esa Saudiya Arabistoniga jo‘natish taraddudiga tushib qoldilar. U jamoadan ketishni istamasdi. Keyin ijtimoiy tarmoqlarda «Atletik» vingerining futbolkasiga ko‘zi tushib qoldi. Libosga Rafinya o‘ynaydigan 11-raqam yozib qo‘yilgandi.
«Mening raqamim yozilgan futbolka tarixi bir oz qiziq. Lekin juda yomon hazil. Kishilar klubdagi barcha shaxslarni birdek hurmat qilishlari kerak, deb o‘ylayman. Biz mavsum davomida bor kuch-quvvatimizni sarflaymiz. Bunday manzarani ko‘rish yoqimli emas. Uni hurmatsizlik, deb hisoblayman. Har qaysi inson o‘zi xohlagan ishini qilishi, istagan raqamini tanlashi mumkin. Lekin o‘yinimdagi o‘zgarishlar sababi bu emas. Boshqa pozisiyalarga moslashish shart ekanligini tushundim. Avval 100 foiz kuch bilan ishlagan bo‘lsam, endi 200 foiz bilan ishlayman».
Yana bir jihat - sardorlik. Mavsum boshlanishi arafasida «Barselona»ning kiyinish xonasida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi: Mark-Andre ter Shtegen, Ronald Arauxo, Frenki de Yong va Pedridan keyin, ko‘pchilik uchun kutilmagan tarzda Rafinya ham nomzodlar beshligidan joy oldi.
«Ochig‘ini aytganda, men bir oz ajablandim. Kimdir men uchun ovoz bersa kerak, deb o‘ylagandim. Yakunda ko‘pchilik meni sayladi», - degandi Rafinya.
Ronald Arauxo va Frenki de Yong jarohatlari tufayli mavsum startini o‘tkazib yuborishdi, ter Shtegen shikastlanganida esa, jamoani sardorlik bog‘ichini taqib olgan Rafinya maydonga olib tushdi.
Endi Rafinya - yetakchi. Muxlislar esa uni juda sevadilar.
Sodiq SOBIR tayyorladi