«MYU»ning sobiq murabbiyi Ronalduga Uels klubiga o‘tishni maslahat berdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduga Uelsning «Reksem» klubiga o‘tish variantini ko‘rib chiqish tavsiya qilinmoqda. Bu haqda «Manchester Yunayted»ning sobiq murabbiyi Rene Melensten ma’lum qildi.
«Krishtianu Ronaldu "Reksem"ga o‘tadimi? Hamma narsa mumkin. Asosiy savol shundaki, u bunday muhitda muvaffaqiyat qozona oladimi va u yerda muvaffaqiyatga erishadimi? Bu qiziq g‘oya, va uning ijtimoiy tarmoqdagi mashhurligi hamda Rayan Reynolds bilan tanish-bilishchiligi Gollivudga kirishida yordam berishi mumkin.
Kim biladi, balki u kelgusi Jeyms Bond bo‘lar? Agar u kino sohasiga o‘tishni istasa, «Reksem»ga o‘tish yaxshi qaror bo‘ladi», – dedi Melensten Tribal Football nashriga.
Hozirda «Reksem» Angliyaning «Sky Bet League One» musobaqasida uchinchi o‘rinni egallab turibdi va yuqori divizionga chiqish imkoniyati katta. Shuningdek, Ronalduning hozirgi jamoasi «An-Nasr» bilan shartnomasi kelgusi yozda yakuniga yetadi.