Yozef Blatter: «Futbol noto‘g‘ri yo‘lga kirib qoldi»
FIFAning 88 yoshli sobiq prezidenti Yozef Blatter futboldagi yangi tendensiyalar va texnologiyalardan foydalanishni tanqid qildi.
«Futbol hozir noto‘g‘ri yo‘nalishga ketmoqda. Deyarli barcha jihatlarda. Chiptalar narxi oshib bormoqda. O‘yinchilarga bosim ortib, maydondagi madaniy birdamlik o‘rniga adovat kuchaymoqda. Shuningdek, men ofsayd, gol va follarni aniqlashda yangi texnologiyalarga qarshi chiqaman. Endi qarorni hakam emas, balki televizor qabul qilyapti. Futbolning barcha davrlardagi eng muhim xususiyatlaridan biri hakamlarga hurmat bo‘lgan», — deydi Blatter "Watson" nashriga bergan intervyusida.
Shveysariyalik Yozef Blatter 1998 yil iyunidan 2015 yil oktyabrigacha FIFA prezidenti lavozimida ishlagan. 2015 yil dekabrida u korrupsiya mojarolari sababli FIFAning etika qo‘mitasi tomonidan futbol faoliyatidan sakkiz yilga chetlatilgan edi.